Buyuk Britaniya eksport vaziri Mayk Friyer o‘tgan hafta O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasi xabariga ko‘ra, bu Birlashgan Qirollik savdo kotibining O‘zbekistonga ilk tashrifi bo‘ldi. Vazir bilan birgalikda Britaniya ishbilarmonlari delegatsiyasi, jumladan London fond birjasi, Standard Chartered banki, Arup kompaniyasi va TheCityUK top-menejerlari ham keldi.

Mayk Friyer bosh vazir o‘rinbosari investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, u Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbari Abdulla Xursanov va Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva bilan ham uchrashdi.

2021 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 65 foizga, O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport hajmi esa 2,5 barobarga oshdi, deya xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 68 foizga oshdi.

ITSV ma’lumotlariga ko‘ra, bunga Birlashgan Qirollikning preferensiyalar bosh tizimining kengaytirilgan sxemasining («GSP Enhanced Framework») benefitsiari maqomini olishi katta yordam berdi. Mayk Friyer o‘zbek tovarlarini Britaniya bozoriga yetkazib berish hajmini oshirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Tomonlar O‘zbekistonda eksportga yo‘naltirilgan qo‘shma ishlab chiqarishlarni yaratishga britaniyalik investorlarni jalb etish; Britaniya kompaniyalarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik, biofarmatsevtika, to‘qimachilik sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va yashil energiya bo‘yicha loyihalardagi ishtiroki masalalarini muhokama qildilar;

Bundan tashqari, uchrashuvda Buyuk Britaniya O‘zbekistonni texnik qo‘llab-quvvatlashini salohiyatli yo‘nalishlari, xususan, iqtisodiyot va savdoni liberallashtirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda yevrobondlar chiqarish hamda O‘zbekiston yirik davlat kompaniyalari va banklarining aksiyalarini London fond birjasiga joylashtirish masalalari muhokama qilindi. Standard Chartered va UK Export Finance kompaniyalari markaziy hukumat mablag‘larini qo‘llab-quvvatlash, kapital bozorlariga kirish, investitsiyalarni jalb qilish va davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirishga qiziqish bildirdi. TheCityUK kompaniyasi O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Qayd etilishicha, OTMK raisi Abdulla Xursanov bilan uchrashuvda OTMK aksiyalarini London fond birjasida dastlabki joylashtirish va xorijiy kapitalni jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva Mayk Friyer bilan Britaniya muhandislik va arxitektura kompaniyalari, banklari va UK Export Finance kompaniyasining O‘zbekistonda aeroportlar va terminallar qurish bo‘yicha yangi loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildi.