Dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Ta’kidlanishicha, 2021 yil GSP+ tizimi doirasida O‘zbekiston 6,2 ming turdagi mahsulotlarni Yevropaga bojsiz eksport qilish imkoniyatiga erishdi.

Shunga qaramasdan, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan bir yilda Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadigan mahsulot turlari 79 ta (jami 643 ta)ga, tadbirkorlar soni esa 102 ta (jami 579 ta)ga ko‘paygan, xolos.

Biroq, bu sohada o‘sish sur’ati juda past ekani ta’kidlanib, to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar sanab o‘tildi:

  • standart, sertifikatsiya va laboratoriya masalalariga javob beradigan davlat idoralari eksportni ko‘paytirishni o‘zi uchun ustuvor vazifa deb qaramayotgani;
  • standart, karantin, veterinariya idoralari hamda gigiyenik laboratoriyalar yagona siyosat yuritmasdan, tadbirkorga ko‘makchi bo‘lmayotgani;
  • hududlarda 150 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etishga ehtiyoj mavjudligi.

Ma’lum qilinishicha, quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil turdagi tahlil qilinadigan laboratoriya talab etiladi. Biroq, prezident O‘zbekistonda birorta ham bunday laboratoriya yo‘qligi, to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib kirish uchun zarur bo‘lgan 61 ta laboratoriya tahlilining 16 tasi yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi.

«Eng muhimi, tadbirkor bu muammolardan mahsulotini Yevropaga olib borgandan keyin xabar topayapti», — deyiladi xabarda. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tadbirkorlar bilan ishlash, o‘qitish, muloqotni yo‘lga qo‘ymagan.

Yig‘ilishda ushbu idora rahbarlariga 20 mingta ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ishlab, yil yakuniga qadar Yevropaga eksport qiluvchi korxonalar sonini 2 mingtaga ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Ular bir oy muddatda qaysi standartni joriy qilish, qaysi laboratoriyani yangilash bo‘yicha dastur ishlab chiqishi kerak.

Shuningdek, viloyat hokimlari ham o‘z hududida eksportchilar sonini oshirish va yangi laboratoriyalar ochish bo‘yicha dastur qabul qiladi.

Bunda, Investitsiya vazirligiga:

  • xalqaro sertifikatsiya talablarining ichiga kirib, qaysi laboratoriyani modernizatsiyalash va qaysi standartni o‘zgartirish kabi masalalarni hal qilish;
  • yil yakunigacha tekstil, elektrotexnika, agro va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 27 ta xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etib, kamida 100 tadan eksportchilarni Yevropa bozoriga olib chiqish topshirildi.

Shuningdek, Texnik tartibga solish agentligi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar joriy qilingan korxonalar sonini 3 baravar oshirib, 1 ming 200 taga yetkazadi. Ushbu korxonalarda Yevropaning 1,5 mingta standartlari joriy etiladi. Bu orqali, har bir korxona xalqaro laboratoriya xulosalari uchun 1 mlrd so‘m iqtisod qilib, eksportga ketadigan vaqti 3 haftagacha qisqaradi.

Bundan tashqari, agentlik 121 ta laboratoriya xulosalarini xalqaro standartlarga moslashtirib, kamida 100 ta davlatda tan olinishini ta’minladi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat hokimlari bilan birga meva-sabzavot yetishtirilayotgan 200 ming gektar maydonni xalqaro talablarga moslashtirish;
  • yil yakunigacha 249 ta meva-sabzavot klasterlari bilan ishlab, xalqaro bozorlarga eksport qiladigan korxonalar sonini 400 tagacha oshirish topshirildi.

Vazifalar orasida yil yakunigacha 13 ta hududiy agrokimyo laboratoriyani jihozlashga 10 mln dollar yo‘naltirilishi ham aytib o‘tildi.

Veterinariya qo‘mitasiga viloyat hokimlari bilan birga yil yakuniga qadar chorvachilik mahsulotlarini eksport qiluvchilar sonini 1,5 baravarga oshirib, 700 taga yetkazish yuklatildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati esa viloyat markazlaridagi 14 ta laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazadi.

Qolaversa, Bojxona qo‘mitasi 1 oktabrgacha eksport, import va tranzit bo‘yicha barcha sertifikat va ruxsatnomalarni «Yagona darcha» orqali yuritishni yo‘lga qo‘yadi.