O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov 13 iyun kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari Maykl Kurillani qabul qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Mudofaa vazirligi rahbari mehmonni qutlar ekan, Markaziy qo‘mondonlik rahbarini yaqinda ushbu lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi.

«Biz uchun AQSh global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda asosiy ahamiyatga ega bo‘lgan vaqt bilan sinalgan hamkordir. O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar tenglik, ishonch va hurmat o‘zaro manfaatlarni inobatga olish kabi prinsiplar asosida rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga o‘tdi», — dedi vazir.

«Tinchlik va barqororlikga tahdid hisoblangan ekstremizm, diniy radikalizm, xalqaro terrorizm hamda boshqa transmilliy xavflarga qarshi ko‘rashishda AQSh bilan maqsadlarimiz yakdil», — dedi Bahodir Qurbonov.

«Biz AQSh bilan harbiy va harbiy-texnik sohalarda, shuningdek Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yuqori baholaymiz, — dedi O‘zbekiston mudofaa vaziri. — Mudofaa sohasidagi davlatlararo munosabatlarni yanada faollashtirishga tayyormiz».

Markaziy qo‘mondonlik rahbari Maykl Kurilla samimiy qabul uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirib, bir kun avval Samarqandga bo‘lib o‘tgan tashrifida unga namoyish etilgan milliy kurash va ko‘pkari o‘yinlaridan katta taassurotda ekanligini ta’kidladi. U qishda O‘zbekistonga navbatdagi tashrifi davomida shu kabi musobaqalarda shaxsan o‘zi ishtirok etishni xohlashini qo‘shimcha qildi.

«Ayni paytda men Markaziy qo‘mondonlik mas’uliyatiga kiradigan barcha hududlar bo‘yicha 90 kunlik o‘quv safaridaman. Bu 21 ta davlatni o‘z ichiga oladi va biz tashrifni rejalashtirganimizda, men O‘zbekistonga ham borishimga alohida ishonch hosil qilgandim», — dedi Markaziy qo‘mondonlik rahbari.

«AQSh prezidenti menga ishonib topshirgan missiya va menga berilgan resurslar — men qanday xavf-xatarlar borligini, munosabatlardagi bo‘shliqlar va eng muhimi biz [kelgusidagi hamkorlik uchun] qanday imkoniyatlarga ega ekanligimizni tushunishim uchun [ajratilgan]», — dedi u.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.