Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 11 iyun kuni «Paxtakor» stadionida futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogi chorak finali doirasida O‘zbekiston — Iroq o‘yinini yoritishga borgan «Sevimli» telekanali muxbiri va tasvirchisi kaltaklangani yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

Telekanal o‘z xodimlariga tayanib, IIO va Milliy gvardiya xodimlari jurnalist va tasvirchiga kuch ishlatgani, jumladan elektroshoker qo‘llab, tasvirchining kamerasi va mikrofonini olib qo‘yganini ma’lum qilgandi. IIV matbuot kotibi telekanal tasvirchisi janjal vaqtida jarohat olganiga ishontirishga urindi.

AOKA ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Milliy gvardiyaga so‘rovlar yuborganini va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining harakatlari ustidan ichki tekshiruv o‘tkazilishini kuzatib borishini qayd etdi.

«Ishonamizki, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya amaldagi qonunchilik normalarini chetlab o‘tgan xodimlarining xatti-harakatlariga munosib baho beradi hamda tegishli chora ko‘radi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi esa ushbu masalani o‘z nazoratiga olishini so‘rab qolamiz», — deyiladi bayonotda.

«Agentlik OAV vakillari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, noqonuniy yo‘llar bilan daxl qilish, shaxsini obro‘sizlantirishga bo‘lgan har qanday urinishlarni keskin qoralaydi», — deyiladi xabarda.

AOKA qonunchilik hujjatlariga havola keltirgan holda «OAV vakillarining kasbiy faoliyati davomida tazyiq ko‘rsatish, to‘sqinlik qilish kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi davlat siyosatiga zid» ekanligini ta’kidladi.

Agentlik, o‘z navbatida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi.