Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani «Qora yantoq» mahallasida yashovchi Nomoz Jumayev 2009 yildan boshlab hozirgacha tumandagi 35 gektardan ortiq cho‘ldan iborat qumli maydonda oilasi bilan saksovulzorlar tashkil etgan. Nomoz bobo ushbu saksovulzor uchun o‘z mablag‘i hisobidan besh yuz million so‘m sarflaganini aytadi. «Gazeta.uz» 2018 yilda ushbu saksovulzor va Nomoz bobo haqida «Sahro ishg‘olchisi» nomidagi maqolani e’lon qilgan edi. O‘sha yilning avgust oyida Nomoz Jumayev prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.

Nomoz Jumayevning ta’kidlashicha, u ushbu maydonga qonuniy egalik qilish huquqini qo‘lga kiritish maqsadida viloyat hokimiga bir necha marotaba murojaat qilgan. Lekin bu murojaatlar ijobiy yechimini topmagan. 2021 yilda Surxondaryo viloyati hokimiyati ushbu cho‘l hududidagi yer maydoni auksionga qo‘yilishini ma’lum qilgan. «Gazeta.uz» muxbiri Abror Qurbonmuratov ushbu masalani o‘rganish uchun Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi.

«Cho‘lni 12 yildan beri obod qilib kelaman, lekin endi shu obod qilingan maydonni auksion orqali tortib olishmoqchi»

Nomoz Jumayev «Qora yantoq» mahallasida 1981 yildan beri yashab kelishini, hudud ko‘chma qum va cho‘llikdan iboratligini aytadi.


«2009 yilda mahallamizning yo‘llarini qumlar bosib ketdi. O‘sha yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) vakillari mahallamizga kelishdi. Ular shu yo‘llardagi qumlarning ko‘chishini oldini olish maqsadida cho‘l hududda mahalladoshlarimizga saksovul ekish taklifini bildirdi. Hech bir mahalladoshimiz ushbu ishni bajarishni xohlamadi. Shunda men mahallamizga o‘zimning hissamni qo‘shay deb, cho‘l hududiga saksovul ko‘chatlarini ekish tashabbusini o‘z zimmamga oldim», — deb eslaydi Nomoz bobo.

Uning aytishicha, BMT Buxoro viloyatidan saksovul ko‘chatlarini keltirib bergan, Nomoz Jumayev cho‘l hududiga ushbu ko‘chatlarni oila a’zolari bilan ekishni boshlagan.

«2010 yilda ko‘plab saksovul ko‘chatlarini ekib tugatdik. Mana 13 yilga yaqin vaqt bo‘ldi. Oilam bilan saksovullarni parvarish qilib, odamlarning chopib ketishlari va mollarning ko‘chatlarni payhon qilishiga yo‘l qo‘ymayapmiz. 2018 yilda kamtarin mehnatlarimni inobatga olib prezidentimiz tomonidan „Do‘stlik“ ordeni bilan taqdirlandim. Shundan so‘ng bu orden menga yanada kuch-quvvat berib, shu qum bo‘lgan hududni ko‘proq obod qilishga bel bog‘ladim», — deydi Nomoz Jumayev.


U 35 gektardan ortiq hududda 100 ming tubdan ortiq saksovul ko‘chatlarini ekkanligini ta’kidlaydi. 2019 yilda unda «Namaz Bobo Saksaulzori» korxonasini tashkil etish fikri uyg‘onadi. Shu sababli Jarqo‘rg‘on tumani hokimiyatiga «Qora yantoq» mahallasi xududidagi hokimlik ixtiyoridagi zaxira yer maydonlaridan 50 gektar yer maydonida yordamchi xo‘jaligi tashkil etish uchun ushbu yerga egalik qilish huquqini so‘rab, xat bilan murojaat qiladi. 2020 yilda esa Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga ham ushbu masala bo‘yicha xat bilan murojaat qiladi.

«Viloyat hokimining qabuliga kira olmadim. Hokim o‘rinbosari meni qabul qilib: „Hokim bilan maslahatlashib ko‘ramiz“ dedi, lekin haligacha mening murojaatim ijobiy yechimini topmadi. Jarqo‘rg‘on tumani hokimi ushbu yerga egalik qilish uchun ruxsat berdi. Lekin viloyat hokimi ruxsat bermasa, ushbu yerga egalik qila olmas ekanman. Ko‘plab yuqori tashkilotlarga ham ushbu masalada murojaat qildim. Lekin ijobiy natijasi hali ham bo‘lgani yo‘q. Endi shuncha yillik mehnatim singgan yerni olib qo‘yishmoqchi bo‘lishyapti», — deydi Nomoz bobo.


«2020 yilda ushbu yerga egalik qilishim uchun hujjatlarni tayyorlashimga ruxsat berishmadi. 2021 yilda esa prezidentning farmoni chiqqanligi va ushbu cho‘l hududi yerlari faqat auksion orqali sotilishini aytishdi. Meni va oilamning 13 yillik mehnatiga birov egalik qilsa, menga a’lam qilmaydimi? Hokimlarimiz nima uchun mening 13 yillik mehnatimni inobatga olishmaydi? Shu yerdagi barcha mahalladoshlarim biladi, qanchalik ko‘p mashaqqat chekanligimni. Hatto ko‘pchilik ustimdan ham kulishdi, qumni obod qilib bo‘ladimi deb. Mana, Ollohga shukur qumdan iborat bo‘lgan cho‘lni ham o‘rmonga aylantira oldim. Prezidentimiz shu kichkina mehnatimni qadrlab „Do‘stlik“ ordeni bilan taqdirlaganda, viloyatimiz rahbarlari esa mehnatimni e’tiborga ham olishmayapti», — deydi u.

Video

«Amaldagi tartibga asosan, yerni ochiq auksion orqali sotib olish mumkin»

Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi Qishloq va suv ho‘jaligi majmuasi bosh mutaxassisi Sodiq Karimov hozirda yer maydonlari faqat auksion orqali sotilishini eslatdi.

Sodiq Karimov. Foto: Abror Qurbonmuratov / «Gazeta.uz».

«„Qora yantoq“ mahallasida yashovchi Jumayev Nomoz bobo ko‘p yildan beri 35 gektar maydonda saksovulzor barpo etib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Lekin bu joylarni hujjatlashtirish masalasini amalga oshirmagan. Tegishli tashkilotlar tomonidan bir necha marotaba ogohlantirilganidan so‘ng, Nomoz bobo Jarqo‘rg‘on tuman hokimligiga 2021 yil fevral oyida ushbu yer maydonini hujjatlashtirish uchun ariza bilan murojaat qilgan», — deydi tuman hokimligi xodimi.

Uning aytishicha, murojaatdan keyin tuman hokimligi «Namaz bobo saksaulzori» oilaviy korxonasiga amaliy yordam berilishi uchun barcha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, 2021 yilning 1 aprel kuni 01−05/115 sonli viloyat hokimining qarorini tasdiqlab olish uchun viloyat hokimligiga hujjatlarni jo‘natgan.

«Namaz Bobo Saksaulzori» oilaviy korxonasiga ajratiladigan yer maydoni xaritasi loyihasi. Foto: Abror Qurbonmuratov / «Gazeta.uz».

«Undan so‘ng prezidentning 2021 yil 8 iyundagi 6243-sonli farmoniga asosan yer berish tartibiga o‘zgartishlar kiritilib, yer berish tartiblari auksion tanlovlari orqali bo‘lishi belgilandi. Shu bilan „Namaz bobo saksaulzori“ oilaviy korxonasiga qarashli qaror tasdiqlanmay qolib ketdi», — deydi Sodiq Karimov.

Uning ta’kidlashicha, 2021 yil 24 noyabrda Vazirlar Mahkamasining yer uchastkalarini berish tartibi to‘g‘risidagi 709-sonli qarori qabul qilingach, Nomoz Jumayevga yer maydonlarini auksion savdosi orqali sotib olish mumkinligi tushuntirilgan.

«Amaldagi qarorga asosan, yerni ochiq elektron tanlovlar asosida sotib olish mumkin. Agar boshqa yo‘llar bilan yer berilsa, bu noqonuniy hisoblanadi. Bu cho‘l hudud ham tegishli tartibda loyiha qilinib, viloyatga taqdim qilinadi. Shundan so‘ng ochiq yer auksionga qo‘yiladi», — deydi tuman hokimligi mutaxassisi.

«Saksovulzor tabiatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti»

Jarqo‘rg‘on tumani Ekologiya va atrofni muhofaza qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Ravshan Turdimurodov ushbu saksovulzor qum ko‘chishining oldini olayotganligini aytadi.

Ravshan Turdimurodov. Foto: Abror Qurbonmuratov / «Gazeta.uz».

«Shu mahallada Nomoz bobo tomonidan qilingan ishlardan g‘ururlanamiz, shuncha cho‘l maydonda yashil maydon barpo etganliklari uchun Nomoz bobo va uning oilasiga rahmatlar aytamiz. Saksovullar ancha o‘sib ketgan, ayrimlari 4 metrdan ortiq balandlikka yetgan. Saksovullar qumli joylarda o‘sadi va qum ko‘chishining oldini oladi», — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, ushbu saksovulzorlar ichida turli xil sudralib yuriluvchi jonivorlar in qurib olgan. «Shuning uchun ham bizning bo‘limimiz tomonidan ushbu saksovulzorlarni kesib ketmasliklari uchun nazorat ishlari olib borilmoda. Ko‘rib turganingizdek, ularga hech qanday shikast yetkazilmagan».


Ravshan Turdimurodov saksovulzor joylashgan yer maydoni hokimiyat tomonidan auksionga qo‘yilganligini, bu tuman Ekologiya bo‘limining vakolatiga kirmasligini aytadi.

«Lekin shu hududda yashil makon barpo etish kerakligini, Nomoz boboning ishlarini ijobiy baholab, fikrlarimizni aytganmiz. Yakuniy xulosa hokimiyat vakillari tomonidan chiqariladi. Biz ham vakolatimiz doirasida har qanday amaliy yordamlarni berib kelmoqdamiz. Bizga ham shu mahallada bog‘ kerak, saksovulzor kerak. Ushbu saksovulzor yeri Nomoz boboga berilsa, juda xursand bo‘lar edik. Nomoz bobo bu yerni yanada gullatib, yashil makonga aylantirishlariga ishonamiz», — deydi tuman Ekologiya bo‘limi bosh mutaxassisi.

«Agar yer auksionga qo‘yilsa, boshqa odam tayyor joyni sotib oladi»

«Qora yantoq» mahallasi raisi Mamatmurod Jumayev saksovullar qumlar ko‘chishi oqibatida yo‘llar yopilib qolishining oldini olayotganligini qayd etdi.

«Nomoz boboning maqsadi saksovullarni ko‘paytirib, o‘rmon tashkil etish edi. Lekin viloyat rahbarlari ushbu yerga egalik qilishlariga ruxsat berishmagan. Menimcha, bu joylar boshqa maqsadda ishlatilar, buni men bilmayman, rahbarlarning o‘zlari bilishadi. Lekin bu hududga Nomoz bobo egalik qilishlariga ruxsat berishmayapti», — deydi u.


Mahalla raisi Nomoz bobo 10 yildan ortiq vaqt mobaynida oilasi va farzandlari bilan ushbu saksovulzorni parvarish qilishini ta’kidladi.

«Saksovullar katta bo‘lib ketgan. Saksovulzor tashkil etilganidan keyin mahallamiz tabiati ham ancha ijobiy tomonga o‘zgardi. Uchib kelayotgan qumlar ko‘chalarga chiqib ketmayapti. Qumlar saksovullar tomirining orasiga qolib ketadi va ko‘chmaydi. Biror kishi dam olaman desa, saksovullar katta bo‘lib, ajoyib soya ham berib boshlayapti. Yana uch-to‘rt yildan so‘ng bu saksovulzor dam olish uchun ajoyib maskan bo‘ladi deb o‘ylayman. Mahallamizda turizm rivojlanishiga ham ushbu saksovullar hissa qo‘shadi deb o‘ylayman», — deydi Mamatmurod Jumayev.

«Agar hokimlarimiz ruxsat berishsa, Nomoz bobo bu yerlarni bog‘dorchilik qilib, yanada rivojlantirishni maqsad qilgan edi. Menda imkoniyat va vakolat bo‘lsa, shu yerga egalik qilish qarorini chiqartirib berar edim, lekin menda bunday vakolat yo‘q. Agar bu yerlar auksionga qo‘yilsa, boshqa odam tayyor joyni sotib oladi», — deydi mahalla raisi.