Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-may oylarida O‘zbekiston bo‘ylab jami 90 543 ta nikoh holatlari qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 373 taga kam.

1 iyun holatiga ko‘ra, FHDYO organlari tomonidan qayd etilgan nikohlar soni:

  • er va xotin 30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida — 71 817 tani;
  • er va xotin 50 yoshdan oshganlar o‘rtasida — 662 tani tashkil etdi.

Hududlar kesimida 30 yoshgacha bo‘lganlar orasida nikoh qayd etilishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, 50 yoshdan oshganlar o‘rtasida nikoh qayd etilishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning nikohini FHDYOga ariza berilganidan bir oy o‘tib rasmiylashtirish tartibini bekor qilish taklif etilgan edi. Unga ko‘ra, yangi tahrirdagi Oila kodeksi qabul qilinsa, fuqarolar nikohni tibbiy ko‘rikdan so‘ng qayd etishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, prezident qarori bilan 2023 yil 1 iyuldan nikohlanuvchilar genetiklarning xulosasi bilan turmush qurishi belgilab qo‘yildi. Hujjatda qayd etilishicha, fuqarolar reproduktiv salomatlik markazlari orqali o‘z hisoblaridan molekulyar-genetik testdan o‘tishlari kerak.