Markaziy bank boshqaruvi 9 iyundagi yig‘ilishda asosiy stavkani 1% bandga pasaytirib, yillik 16% darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qaror «tashqi iqtisodiy xatarlarning qisqa muddatli salbiy to‘lqinlarining ortda qolganligi, aprel-may oylarida ichki valyuta bozorining barqarorlashuvi, valyuta oqimlari va milliy valyutadagi muddatli depozitlar o‘suvchi dinamikasini hisobga olgan holda qabul qilindi», deyiladi press-relizda.

Regulyatorga ko‘ra, asosiy stavkaning pasaytirilishi inflyatsion xatarlarni jilovlashga yo‘naltirilgan «qat’iy» pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda tashqi xatarlar uchun qo‘shilgan qo‘shimcha yuklamani neytrallashtirishga qaratilgan.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Mamlakat iqtisodiyoti asosiy savdo-hamkorlarda kuzatilgan xatarli vaziyatning yomonlashuvi natijasida qisqa muddatli salbiy to‘lqinlarni boshdan kechirdi va dastlabki baholashlardan farqli ravishda so‘nggi ikki oyda ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda, deya qayd etadi Markaziy bank.

Xususan, tashqi savdo operatsiyalari hajmlari va pul o‘tkazmalarning yuqori sur’atlarda tiklanishi ichki valyuta bozorida taklifni ko‘paytirib, mos ravishda so‘m qadrining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Yanvar-mart oylarida mamlakatga o‘rtacha oyiga $490 mln pul o‘tkazmalari kirib kelgan bo‘lsa, aprel-may oylarida bu ko‘rsatkich $1,3 mlrdga yetdi. Oylik eksport tushumlari hajmi yanvar-mart oylariga nisbatan 1,3 barobarga oshdi, eksport tushumlari hisobidan ichki valyuta bozorida sotilayotgan mablag‘lar miqdori 1,4 barobarga ko‘paydi.

So‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 2022 yil mart oyining birinchi yarmida o‘zining yuqori darajasiga yetib, yil boshiga nisbatan 6,8 foizga qardsizlangan bo‘lsa, mart oyining ikkinchi yarmidan bugungi kunga qadar 5,1 foizga mustahkamlandi. Natijada, so‘mning yil boshidan qadrsizlanishi 1,6 foiz doirasida shakllandi.

Umuman olganda, may oyi yakunlari bo‘yicha so‘mning real almashuv kursi o‘zining uzoq muddatli trendiga yaqinlashdi (2019 yil sentabr oyidagi darajaga nisbatan mustahkamlanish 2 foiz) va tashqi raqobatbardoshlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan dinamika hosil qilmoqda.

Ayni paytda, oltin valyuta zaxiralarining «neytrallik tamoyili» bo‘yicha Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozoriga aprel-may oylarida, so‘m almashuv kursning qisqa muddatda keskin mustahkamlanib ketishini oldini olish maksadida bozordan $523 mlnlik valyuta mablag‘lari sotib olindi.

Umuman olganda, yil boshidan ichki valyuta bozoriga intervensiya qilinmagan miqdor qariyb $1 mlrdni tashkil etadi va kelgusida almashuv kursining barqarorligini ta’minlashga qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat kiladi.

Shu bilan birgalikda, yil so‘ngigacha jahon iqtisodiyotida makroiqtisodiy jihatdan noaniqlik va xatarlar saqlanib qolmoqda.

Iqtisodiy faollik

So‘nggi oylarda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotni kreditlash faolligi va sur’atlarida biroz sekinlashish kuzatilmoqda, deyiladi press-relizda.

2022 yil may oyi yakuni bo‘yicha iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoldig‘ining yillik o‘sishi 17,4%ni tashkil etib, kutilayotgan YAIM nominal hajmining o‘sish sur’atidan ma’lum darajada past shakllanmoqda.

Shuningdek, iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan kreditlar miqdori joriy yilning birinchi choragida o‘tgan yilga nisbatan 13,6%ga o‘sgan bo‘lsa, yanvar-may oylarida o‘sish sur’ati 8,8%gacha sekinlashdi.

Markaziy bank kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oyda iqtisodiyot tarmoqlarida faollik indeksi mart oyidagi 54 dan may oyida 53 bandgacha pasayganligi qayd etildi. Bunda, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida faollikning birinchi chorakka nisbatan ma’lum darajada susayishi kuzatildi.

Ichki narxlar dinamikasi va inflyatsion kutilmalar

May oyi yakuni bo‘yicha yillik inflyatsiya darajasi 11%ni tashkil qildi va prognoz trayektoriyasi doirasida bo‘ldi.

Bunda, tarkibiy jihatdan nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari yillik o‘sishi 10,3%ni va xizmatlar narxlari — 6,2%ni tashkil etib, umumiy inflyatsiyadan past darajada shakllandi. Oziq-ovqat tovarlari guruhidagi narxlar dinamikasi tashqi bozorlardagi narxlarga hamohang o‘suvchi xarakterga ega bo‘lmoqda.

Markaziy bankning qayd etishicha, meva-sabzavotlar guruhidagi mahsulotlar narxlarida mavsumiy pasayishlar, umumiy inflyatsiyaga kamaytiruvchi ahamiyat kasb etayotgan bo‘lsa, ayrim turdagi asosiy oziq ovqatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarida o‘sish kuzatilmoqda.

Yuzaga kelayotgan inflyatsion jarayonlar ko‘proq taklif omillari bilan bog‘liq bo‘lib, mintaqadagi joriy geosiyosiy vaziyatning mahsulot yetkazib berish, transport-logistika jarayonlariga salbiy ta’sirini o‘zida ifoda etadi.

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining kelgusi 12 oylik kutilmalari joriy yil aprel oyida sezilarli darajada pasayish kuzatilgan bo‘lsa, may oyida tartibga solinadigan narxlar (energoresurslar va g‘alla narxini erkinlashtirish) bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘yicha informatsion oqimlar natijasida qisqa muddatli inflyatsion kutilmalarni oshishi kuzatildi.

Yoz oylarida meva va sabzavotlar narxlari yanada arzonlashishini, so‘nggi oylarda kuzatilgan so‘m almashuv kursining narxlarga o‘tkazma ta’sirlarining pasaytiruvchi xususiyat kasb etishi va kutilayotgan tarif erkinlashtirishlarini inobatga olib joriy yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya prognozi 12−14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Ichki bozorlarda narxlarni muvozanatlashtirish maqsadida davlat tomonidan iste’mol bozorlarida mahsulotlar taklifini ko‘paytirish, logistik qiyinchiliklarni bartaraf etish, muqobil import yo‘nalishlari orqali asosiy iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha choralar ko‘rib borilmoqda.

Pul-kredit sharoitlari

Aprel-may oylarida pul bozoridagi amaliyotlar bo‘yicha o‘rtacha foizlar 18% atrofida shakllanib, qisqa muddatli resurslar bozorida «qat’iy» pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha taklif etilayotgan foiz stavkalari (21−23%) aholining inflyatsion kutilmalarga nisbatan ham ijobiy tafovutda shakllanib, milliy valyutada jamg‘arishning jozibadorligini ta’minlamoqda.

Mart oyida kuzatilgan milliy valyutadagi depozitlarning vaqtinchalik pasayuvchi sur’ati aprel-may oylarida to‘liq o‘suvchi tendensiyaga o‘zgardi va aholining muddatli depozitlari hajmi yil boshiga nisbatan 22,4%ga o‘sdi.

Shu bilan birga, so‘nggi ikki oyda muomaladagi naqd pullar hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishi kuzatilmoqda. Bu, asosan, aholi tomonidan transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali kelgan xorijiy valyuta mablag‘larini banklarga sotish hajmining oshishi va bir martalik ijtimoiy yordam pullarini may oyida to‘lanishi bilan izohlanadi. Xususan, o‘tgan besh oyda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut $1,5 mlrdni tashkil etdi.

Milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalar o‘rtacha 22−23% doirasida shakllandi.

Maroiqtisodiy kutilmalar

Mamlakatga eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar orqali kirib kelayotgan valyuta oqimlari ichki valyuta bozorida taklifni qo‘llab-quvvatlab, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda so‘m almashuv kursining barqarorlashuviga xizmat qilishi kutilmoqda. Valyuta kursining barqarorligi, o‘z navbatida, narxlarga nisbatan «import inflyatsiyasi» ta’sirini yumshatuvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Yil oxiriga qadar milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligini oshirish hamda bank tizimi umumiy likvidligini tartibga solishga erishish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

  • likvidlikni jalb etishga qaratilgan overnayt depozit operatsiyalari va ikki haftalik depozit auksionlari cheklovlarsiz amalga oshiriladi;
  • Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladigan qisqa muddatli obligatsiyalar oylik o‘rtacha qoldig‘i bo‘yicha limitlar 25 trln so‘mgacha yetkaziladi;
  • tijorat banklari tomonidan auksionlarda xarid qilinadigan Markaziy bank obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilik asosiy stavkaning yuqori chegarasi darajasi saqlab qolinadi.

Markaziy bankning o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlari ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha yangilanadi. Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yig‘ilishi 21 iyul sanasiga belgilandi.