O‘zbekiston bozorlarida arzonlashtirilgan maxsus rastalar tashkil etildi, import qilinayotgan oziq-ovqatlar esa o‘rtakashlarsiz sotilmoqda. Bu haqda chorshanba kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Dilshod Rahimov ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Departament hamda boshqa idoralar rahbarlaridan iborat respublika shtabi tomonidan dehqon bozorlaridagi vaziyat doimiy tahlil qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, «Daladan dasturxonga» mexanizmi asosida respublikaning barcha dehqon bozorlarining kirish va aholi gavjum bo‘lgan joylarida qariyb 2900 ta arzonlashtirilgan maxsus rasta va savdo nuqtasi tashkil qilingan.

«Ushbu rastalarga 445 ta chorva, 275 ta parrandachilik korxonalari, 500 ta kartoshka, piyoz va sabzi, 140 taga yaqin baliq hamda 870 ta boshqa ishlab chiqaruvchilar nomma-nom biriktirilib, mahsulotlarning doimiy va mo‘l bo‘lishi ta’minlanmoqda», — dedi u.

Shu bilan birga, bozorlarga biriktirilgan mas’ul xodimlar mahsulot hajmi hamda narxlarini kunlik monitoring qilib, narxi oshishi mumkin bo‘lgan mahsulot turi hududlar kesimida oldindan prognoz qilish yo‘lga qo‘yilgan. Shunga muvofiq mahsulotlar arzon va taklif yuqori bo‘lgan hududdan narx oshgan hududlarga intervensiya qilish, ya’ni mahsulot miqdorini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Ushbu tizim asosida narxlarni mo‘’tadillashtirish uchun joriy yilning o‘tgan davrida 27 ming tn kartoshka, 32 ming tn piyoz, 18 ming tn sabzi, 5 ming tn karam, 6 ming tn parranda go‘shti, 14 ming tn go‘sht, 400 mln. dona tuxum, 9 ming tn guruch va 25 ming tn shakar ishlab chiqaruvchi narxida bozorlarga qo‘shimcha ravishda kiritilishi ta’minlangan.

Dilshod Rahimov.

Respublika shtabi tomonidan kartoshka, piyoz va sabzini hududlar kesimida markazlashgan tartibda yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Surxondaryo viloyatidan respublika hududlariga qariyb 6 ming tonna ertaki kartoshka va 28 ming tonna yangi piyoz ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda bozorlarga yetkazib berilishi ta’minlangan.

«Hozirgi vaqtda birgina Samarqand va Toshkent viloyatlarida ertaki kartoshka yalpi hosilga kirgan bo‘lib, joriy oyning o‘zida 475 ming tonna hosil ichki bozorga kirib kelishi kutilmoqda», — deydi Dilshod Rahimov.

Qolaversa, shakar va o‘simlik yog‘i narxiga bozor mexanizmlari joriy etilgan bo‘lib, tovar-xomashyo birjasi orqali savdoga chiqarilishi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish borasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rilmoqda. Bunda, birinchi navbatda mahsulotlarni aholi ehtiyojiga mos hajmda birja savdolariga chiqarilishi, xarid qilingan mahsulotni muddatida yetkazib berilishi hamda realizatsiya qilinishiga alohida e’tibor qaratilmoqda, deyiladi bayonotda.

«Masalan, muqaddam shakar birja savdolariga 1−2 ming tonna chiqarilgan bo‘lsa, hozirgi kunda aholi ehtiyojini hisobga olgan holda 3 ming tonnagacha oshirildi. Shu kabi, un va paxta yog‘ini savdoga chiqarish hajmlari ko‘paytirildi, narxlarni sun’iy oshirgan holda bitimlar tuzish holatlari bo‘yicha iqtisodiy jarimalar miqdori oshirildi», — dedi departament boshlig‘i.

Qayd etilishicha, birjada narxlarni manipulyatsiya qilish yoki belgilangan tartiblarni buzgan holda savdolarni amalga oshirish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha 52 subyektga nisbatan qat’iy qonuniy choralar ko‘rilgan.

Ta’kidlanishicha, ayrim oziq-ovqat tovarlari import hisobidan qondirilishini inobatga olgan holda, yirik importyorlar tomonidan mahsulotlarning mamlakatga keltirilishi ham qat’iy nazoratga olingan.

«Bu borada imtiyozli foiz stavkalari bilan taqdim etilgan kreditlar asosida kartoshka, o‘simlik yog‘i, un va shakar xomashyosi sotib olinishi hamda mamlakatga olib kirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan», — deyiladi ma’lumotda.

Ajratilgan kreditlar hisobiga jami 60 ming tn kartoshka, 3 ming tn go‘sht, 1,7 ming tn o‘simlik yog‘i, ming tn un, 12,7 ming tn shakar keltirilgan. «Ushbu mahsulotlar „birinchi qo‘l“ tamoyili asosida o‘rtakashlarsiz dehqon bozorlarida sotilishi ta’minlanmoqda», — dedi Bosh prokuratura vakili.

Bundan tashqari, narxlarni manipulyatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash tizimiga putur yetkazuvchi jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. «O‘tgan davrda ushbu yo‘nalishda aybdor shaxslarga nisbatan 187 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», — deydi Dilshod Rahimov.

Esletib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1 iyundan boshlab paxta, kungaboqar yog‘i va urug‘i hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalarini eksport qilish vaqtincha taqiqlandi. Ushbu mahsulotlar ichki bozorda yetarli bo‘lgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi eksportni qayta tiklashi mumkin. Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi ham vaqtincha to‘xtatildi.

Bundan tashqari, 2023 yilga qadar go‘sht, baliq, sut mahsulotlari, meva, o‘simlik yog‘i kabi jami 22 ta turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bojxona bojlaridan ozod etildi. Qolaversa, oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash amaliyoti to‘xtatib turiladi.