Prezident seshanba kungi videoselektor yig‘ilishida faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun 7 nafar hokimga “hayfsan” berdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda so‘nggi ikki oyda 23 mingdan ziyod yer maydonlari savdoga chiqarilgani, shundan 12 mingtasi yoki 60 foizi xizmat ko‘rsatish joylarini tashkil etish uchun qo‘yilgani qayd etilgan.

Bunda, 63 ta tuman va shaharda auksionga qo‘yilgan yer uchastkalarining soni 100 tadan ko‘p bo‘lsa, 27 ta tumanda 10 taga ham yetmasligi tanqid qilingan.

Misol uchun, Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon, Xiva, Urganch shaharlari, Toshkent, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlarida savdoga qo‘yilgan yerlar soni 10 tadan oshmaydi.

“Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlari yer maydonlari savdoga chiqarish va xizmat ko‘rsatish joylarini tashkil etishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun oxirgi marotaba „hayfsan“ berildi. Shuningdek, davlat rahbari ushbu hududlar hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini lavozimidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi”, — deyiladi xabarda.

Auksionga taklif etilgan 45 mingta yerning 3 mingtasi kelishiladigan idoralar tomonidan qaytarilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bunga asosiy sabab hududlarning bosh rejasi yoki arxitektura rejalashtirish loyihalarining yo‘qligidir.

Shaharlarning bor-yo‘g‘i 30 foizida bosh reja, qishloqlarning 1 foizida arxitektura rejalashtirish loyihalari mavjudligi tanqid qilindi.

“Ochiq aytish kerak, shaharlarning bosh rejasini ishlab chiqishni davlat loyiha institutlari „monopoliya“ qilib olgan. Investitsiya dasturlari doirasida davlat loyiha institutlariga har yili katta mablag‘lar ajratilayapti, lekin bironta tuman yoki shaharning bosh rejasi oxiriga yetkazilmagan. Narxlar ham chet ellik yoki xususiy loyiha tashkilotlari narxlariga nisbatan bir necha barobar qimmat. Shu bois, qurilish sohasini transformatsiya qilish bo‘yicha ham alohida muhokama o‘tkazaman”, — dedi davlat rahbari.