24 fevralda rus qo‘shinlari bostirib kirganidan buyon Ukraina xalqi yuz kunlik urushni boshidan o‘tkazdi. 14 mln ukrainalik uyini tashlab ketdi, 3 mln bola maktablarda o‘qishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi, 15,7 mln kishi gumanitar yordamga muhtoj va ularning soni doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Bu haqda BMTning Ukrainadagi inqiroz koordinatori va BMT bosh kotibi yordamchisi Amin Avadaning 3 iyundagi xabarida aytiladi.

«Ukrainaga bostirib kirish uning hududiy yaxlitligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini buzishdir», — dedi Amin Avada. «Bu urush odamlarga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazdi va odamlar hayotining deyarli barcha jabhalarini qamrab oldi. Bu urushda g‘olib bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham», — dedi va urushni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

«Oilalar va jamoalar vayron bo‘ldi va ildizlaridan mahrum qilindi. Uch oydan sal ko‘proq vaqt ichida 14 mlnga yaqin ukrainalik uylarini tark etishga majbur bo‘ldi, ularning aksariyati ayollar va bolalar. Bu miqyos va harakat tezligi tarixda ko‘rilmagan», — dedi BMT vakili.

Xarkovdagi otishmalar natijasidagi vayronagarchiliklar. Foto: YUNICYeF.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 3 mlndan ortiq bolalarning ta’limi to‘xtatilgan, yuz minglab odamlar suv va elektr energiyasidan mahrum, millionlab odamlar ertangi kun uchun oziq-ovqatni qayerdan olishlarini bilmaydilar. 100 kundan keyin urush, ayniqsa, mamlakat sharqida susaygani yo‘q", — dedi Amin Avada. Uning ta’kidlashicha, vayron bo‘lgan infratuzilmalar sababli millionlab tinch aholi hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

Urush oylarida BMT Ukrainadagi 8 mlnga yaqin aholiga, jumladan, sharqdagi qamalda qolgan shaharlarga zudlik bilan gumanitar yordam ko‘rsatdi.

BMT Xavfsizlik kengashining 2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida xalqaro huquq normalarini buzganlik uchun javobgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Xalqaro sud raisi Joan Donoxyu Xavfsizlik Kengashi a’zolariga sud o‘zining 76 yillik faoliyati davomida tinch aholining tan jarohati olishi va urushlar paytida halokatga uchrashi bilan bog‘liq ko‘plab nizolarni ko‘rib chiqqanini aytdi. Shu bilan birga, u eng jiddiy vahshiyliklarning hammasi ham xalqaro adliya organi yurisdiksiyasiga kirmasligini ta’kidladi.

Joan Donoxyuning tushuntirishicha, agar har ikki tomon o‘z yurisdiksiyasini qabul qilsa, Xalqaro sud da’volarni va har qanday qarshi da’volarni ko‘rib chiqishi mumkin. U davlatlar yurisdiksiyasi uchun asos sifatida boshqa holatlardan: genotsid (Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiya — tahr.) yoki irqiy kamsitish (Irqiy kamsitishlarning barcha shakllarini yo‘q qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya — tahr.) to‘g‘risidagi aniq xalqaro konvensiyalarning yakuniy qoidalarini misol qilib keltirdi.

«Bugun, qurolli mojarolar va ommaviy vahshiyliklar dunyoning turli burchaklarida vayronagarchiliklarni keltirib chiqarishda davom etar ekan, men fursatdan foydalanib, a’zo davlatlarga sud faqat a’zo davlatlar unga vakolat bergan darajada javobgarlikka tortish mumkinligini eslataman» , — dedi Xalqaro sud raisi.

U Insoniyatga qarshi jinoyatlarning oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani ishlab chiqishga chaqirdi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet ham xuddi shunday tashabbus bilan chiqdi. «Insoniyatga qarshi jinoyatlar to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilish xalqaro huquqda mustahkamlangan ba’zi asosiy majburiyatlarni buzganlikda aybdor bo‘lgan barchani javobgarlikka tortishning bir yo‘li bo‘ladi», — dedi Joan Donoxyu.

BMT axborot xizmati xabariga ko‘ra, Oksford universitetining xalqaro ommaviy huquq professori Dapo Akande bu chaqiriqni qo‘llab-quvvatladi. Bunday konvensiyaning qabul qilinishi insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun genotsid va urush jinoyatlari bilan bog‘liq hujjatlarda ko‘rsatilganlarga teng jazo vositalarini taqdim etadi, deb hisoblaydi huquqshunos.

Dapo Akandening ta’kidlashicha, agressiya kabi xalqaro jinoyat ham ko‘pincha e’tiborga olinmaydi. «Barcha xalqaro jinoyatlar uchun javobgarlik bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash uchun davlatlar Xalqaro jinoiy sud ushbu xalqaro jinoyat ustidan yurisdiksiyani amalga oshirishi uchun Agressiyaga oid tuzatishlarni ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqishi kerak», — deya Dapo Akande so‘zlarini keltirgan BMT axborot xizmati.

Xalqaro sud BMTning oltita asosiy organlaridan biridir. U davlatlar o‘rtasidagi nizolarni hal qiluvchi universal xarakterdagi yagona xalqaro sud organidir.

Xalqaro jinoiy sud mustaqil, doimiy sud organidir. Sudning yurisdiksiyasi genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari bilan cheklangan. Agressiya jinoyatlari to‘g‘risidagi Rim statutiga kiritilgan tuzatishlar 2018 yilda kuchga kirdi, biroq hamma davlatlar ham ularni ratifikatsiya qilmagan.