Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov boshchiligida O‘zbekistonning investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatining joriy ko‘rsatkichlari hamda ularni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Sardor Umurzakov / Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati


Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, 2022 yilning birinchi 5 oyi yakunlari bo‘yicha o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichlardan 42 foizga oshgan. Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil ayrim tarmoq va hududlarda investitsiya loyihalarini hayotga joriy etish bilan bog‘liq bir qator muammolar mavjudligini ko‘rsatgan.

Yig‘ilishda eksportchi va investorlarni qo‘llab-quvvatlashda yo‘l qo‘yilgan qoloqlik va kamchiliklar uchun mas’ullarga intizomiy choralar ko‘rilgan.

Xususan, Bo‘zatov tumani va Zarafshon shahri hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z lavozimlaridan ozod etilgan. Investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlamagani natijasida 32 ta investitsiya loyihasi muddatida ishga tushirilmaganligi hamda 395 ta yangi ish o‘rinlari kechiktirib yaratilganligi uchun 19 nafar hokim o‘rinbosariga xayfsan e’lon qilingan.

Bundan tashqari, Shumanay, Chortoq va Konimeh tumanlari hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish uchun 3 oylik sinov muddati belgilangan.

Yig‘ilishda mas’ul rahbarlar eksportyor va investorlarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarining samaradorligi uchun shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilgan.