O‘zbekiston ilk bor Pokistonning Karachi porti orqali Hindistonga tranzit yuk jo‘natdi, deya xabar bermoqda Pokiston xalqaro konteyner terminali.

Yuk dastlab quruqlik transporti orqali Karachi portiga yetkazilgan, shundan so‘ng Hindistonga yo‘l oldi.

Pokiston xalqaro konteyner terminali (PICT) ushbu rivojlanish boshqa mamlakatlarni Pokistonning savdo yo‘lidan foydalanishga imkon yaratib, mintaqadagi dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan boshqa mamlakatlar uchun noyob geostrategik imtiyozlar berishiga ishonch bildirdi.

«O‘zbekistondan birinchi jo‘natmani tashish Karachi portida barcha yuklar uchun taqdim etayotgan xizmatlarimiz qiymatini yanada oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizga ijobiy aks etadi», — dedi Pokiston xalqaro konteyner terminali bosh ijrochi direktori Xurram Aziz Xon.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning noyabrida ham O‘zbekistondan Pokistonga tranzit yuk yuborilgan. Pokiston tomoni buni «yangi hamkorlik davrining boshlanishi» deb ta’riflagandi. Ko‘p o‘tmay Pokiston O‘zbekistondan yuk tashuvchilar uchun bojxona tartiblarini soddalashtirdi. Jumladan, yuk mashinalari mamlakatga garov puli to‘lamasdan kirishi mumkin. Bu Gvadar, Karachi va Qosim portlari orqali kiruvchi va chiquvchi yuklarning tranzitini kengaytiradi.

Joriy yilning mart oyida Hindistonlik treyder Pokiston va Afg‘oniston orqali birinchi tranzit tijorat yukini O‘zbekistonga jo‘natdi. Qolaversa, Pokistondan O‘zbekistonga 40 ming dollarlik 18 tonna halol mol go‘shtining birinchi partiyasi jo‘natilgandi.