AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonning agrar sektorida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,4 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratadi. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher To‘rayev va USAIDning Osiyo byurosi ma’muriyati yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur (Änjali Kaur) uchrashuvida ma’lum qilindi.

«USAID joriy yil yozida O‘zbekiston qishloq ayollari iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishi uchun qo‘shimcha ravishda 2,4 million dollar ajratishini e’lon qilishdan juda mamnunman», — dedi Anjali Kaur. Ushbu mablag‘lar O‘zbekiston, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik ko‘nikmalari va kasb-hunarga o‘rgatish, ularning faoliyatini mikromoliyalashtirish, murabbiylik va bandlik dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuvda tomonlar USAID va vazirlik o‘rtasida «Agrobiznesni rivojlantirish» qo‘shma loyihasi doirasida bog‘dorchilik, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Avvalroq, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonning barcha hududlarida qishloq ayollarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni ishga joylashtirish yoki o‘z biznesini ochishda qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirgani haqida yozgandik. Dastur qariyb 1000 kishini qamrab oladi.

Bunda qadar USAID 2021 yilning avgust oyida qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun $1 mln ajratgandi. Ushbu mablag‘ asosida joriy yilning aprel oyida qishloq ayollarini o‘qitish va ishga joylashtirish dasturi ishga tushirildi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda USAID O‘zbekiston SSVga umumiy qiymati 1,3 mln dollarni tashkil etadigan sovuq zanjirli uskunalar va kompyuterlarni topshirdi.