Toshkent, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy valyuta ayirboshlash holatlari aniqlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.X. 2900 AQSh dollarini fuqaro S.ga 32,3 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Shu kabi holat Andijon viloyatida ham kuzatildi. Shahrixon tumanida fuqarolar B.X. va F.A.lar boshqa bir fuqaro M.ga 2800 AQSh dollarini 30 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Ularning yonidan chiqqan 2800 AQSh dollari, 100 rubl va 650 ming so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.

Valyutani noqonuniy sotish bilan bog‘liq holat Qashqadaryo viloyatida ham qayd etildi. Kitob tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.N. va S.B.lar boshqa bir fuqaro A.ga 3400 AQSh dollarini 37,8 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Ularning yonidan jami 6 200 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.