Uzcard aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bir martalik yordam puli to‘lanishi to‘g‘risidagi xabar fonida firibgarlik sxemalari kuchayganidan ogohlantirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident farmoni asosida o‘tkazilgan yordam bir martalik pul o‘tkazmalarini nazarda tutadi. To‘lovlar fuqarolardan qo‘shimcha ma’lumot talab qilmasdan, avtomatik tarzda — xuddi pensiya va nafaqalar odatda to‘lanadigani kabi — amalga oshirilishi kerak edi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu to‘lovni o‘z kartalariga olish uchun firibgarlar turli xil havolalarga o‘tishni va tasdiqlovchi SMS-kodini taqdim etishni taklif qilishadi.

O‘z navbatida, Uzcard foydalanuvchilardan hushyor bo‘lishni va faqat rasmiy axborot manbalariga ishonishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 25 may kuni Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga bir martalik moddiy yordam to‘lash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining quyidagi qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi:

a) yoshga doir nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — 300 ming so‘mdan;

Toshkent shahrida — 400 ming so‘mdan;

Shuningdek, respublika budjeti hisobidan boshqa organlar orqali pensiya oluvchilarga tegishli vazirlik va idoralar tomonidan mazkur bandning «a» kichik bandida nazarda tutilgan shartlarda va miqdorlarda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;

b) «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga — 200 ming so‘mdan.