2017 yildan beri O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga rahbarlik qilib kelgan Rustam Shoabdurahmonov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda federatsiyaning 27 maydagi navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida ma’lum qilindi. U fevral o‘rtalarida Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarligidan ham ketgandi.

Ta’kidlanishicha, Rustam Shoabdurahmonovning o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqilib, delegatlar tomonidan qabul qilingan.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi lavozimiga Abdusamatov Maqsud Abduvaliyevich saylandi. U «Kapitalbank» ATB Kuzatuv kengashi raisi lavozimida faoliyat olib boradi.

Maqsud Abdusamatov.

«Menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. Hozirda ushbu sport va qilichbozlik oilasining ichiga kirib, vaziyat bilan yaqindan tanishmoqdaman. O‘rganishlar asosida yangi istiqbolli rejalarni shakllantiramiz. Oldimizda turgan yirik musobaqalarda sportchi va murabbiylarimizning muvaffaqiyatga erishishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz», — dedi Maqsud Abdusamatov.

Shuningdek, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga bosh kotibligiga ushbu vazifada faoliyat yuritib kelgan Gulnora Saidova qayta saylandi.