Qoraqalpog‘istonlik Beknazar Abdikamalov va (Facebook`da dasturiy ta’minot muhandisi) Aziz Murtazayev Janubiy Koreyalik hamkori Jastin Kim bilan birgalikda Ami ruhiy salomatlik bo‘yicha startapni ishga tushirish uchun Meta (Facebook) grantini qo‘lga kiritdi. Bu haqda IT Park Uzbekistan matbuot xizmati xabar berdi. Forbes jurnali startap haqida yozgan.

Loyiha ruhiy salomatlik xizmatini yanada qulayroq qilish uchun onlayn maslahat seanslarini o‘z ichiga oladi. Bu Osiyo mamlakatlaridagi biznes egalariga o‘z xodimlarining ruhiy salomatligini yaxshilash imkonini beradi.

Startap asoschilari ta’kidlashicha, bunday platformani yaratish g‘oyasi pandemiyadan keyin paydo bo‘lgan, negaki Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2022 yil mart oyidagi hisobotiga ko‘ra, pandemiyadan so‘ng butun dunyo bo‘ylab depressiya, ya’ni tushkunlik darajasi 25 foizga oshgan.

«Biz Ami jamoasining ishtiyoqi va iste’dodidan hayratdamiz. Ularning Osiyo aholisiga ruhiy salomatliklarini saqlash yo‘lida yana bir usul taqdim etish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqchimiz», — dedi Meta kompaniyasining investitsiyalar bo‘limi rahbari Sunita Parasuraman.

Platformaning ishlash usuli

Ta’kidlanishicha, foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tish uchun maxsus formani to‘ldirishda o‘zlarini eng ko‘p tashvishlantirayotgan masalalar haqida ma’lumot kiritadi. Olingan ma’lumotlar asosida platforma ularni kerakli shifokor bilan bog‘laydi va shu tariqa u mutaxassisdan zarur psixologik yordamni oladi.

Osiyoning ulkan startap markazlari Singapur va Jakartadan tashqari, Ami startapini butun Osiyo bo‘ylab kengaytirish, bu orqali kompaniyalarga ruhiy salomatlik platformasi yordamida yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.

«Loyiha asoschilari jamiyatda ruhiy salomatlik ahamiyati haqidagi bilimlarni oshirishni o‘zlari uchun oliy maqsad deb bilishadi», — deyiladi ma’lumotda.

Moliyalashtirish bosqichida Meta`ga investorlardan Goodwater Capital (Kakao, Coupang va Viva Republica), Strong Ventures, January Capital va Collaborative Fund kelib qo‘shilgan.