Rossiya banki asosiy stavkani 14 foizdan 11 foizga tushirdi, deyiladi regulyator bayonotida. U mazkur qarorni bo‘lib o‘tishi bir kun avval e’lon qilingan direktorlar kengashining rejadan tashqari yig‘ilishida qabul qildi.

Markaziy bank stavkani pasaytirish qarorini «narxlar o‘sishining sezilarli sekinlashishi» bilan izohladi.

«Inflyatsiya bosimining kuchsizlanishi rubl kursining dinamikasi, aholi va biznesning inflyatsion kutilmalarining sezilarli darajada pasayishiga yordam bermoqda», — deyiladi hisobotda. Yillik inflyatsiya aprel oyida 17,8 foizga yetdi, may oyida esa 17,5 foizgacha sekinlashdi va Markaziy bank prognozidan tezroq pasaydi.

Bu so‘nggi bir yarim oy ichida asosiy stavkaning fevral oyida 20 foizgacha ko‘tarilgan rekord ko‘rsatkichdan keyingi ketma-ket uchinchi pasayishidir. O‘shanda Rossiya banki bozorlarning qulashi, yirik banklarga qarshi sanksiyalar va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan o‘z valyuta zaxiralarining muzlatib qo‘yilishiga javoban pul-kredit siyosatini keskin kuchaytirgandi.

Regulyator keyingi yig‘ilishlarda asosiy stavkani yanada pasaytirish imkoniyatini istisno qilmadi.

«Rossiya banki prognoziga ko‘ra, amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosatini hisobga olgan holda, yillik inflyatsiya 2023 yilda 5−7 foizgacha pasayadi va 2024 yilda 4 foizga qaytadi», — deyiladi press-relizda.

Nima uchun Markaziy bank stavkani darhol tushirdi?

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilish 10 iyunga rejalashtirilgan edi, ammo chorshanba kuni regulyator uni 2,5 hafta oldin, 26 may kuni o‘tkazishini e’lon qildi.

The Bell nashrining tushuntirishicha, bu dolzarblik o‘tgan haftada Rossiyada narxlarning 4,5 oylik tez o‘sishidan so‘ng birinchi marta deflyatsiya qayd etilgani, ya’ni narxlar pasayishni boshlagani bilan bog‘liq. Sabablari — iste’mol talabining pasayishi va rublning g‘ayritabiiy darajada kuchliligi.

Deflyatsiyada yaxshi narsa yo‘q: bu iqtisodiyotdagi talabning qisqarishidan darak beradi. Agar deflyatsiya davom etsa, ishlab chiqaruvchilar zarar ko‘radi, sarmoya va xodimlarni qisqartiradi, ishsizlik ko‘payadi va natijada talab yanada pasayadi — deflyatsiya spirali paydo bo‘ladi, undan chiqish uchun yillar kerak bo‘ladi, deb yozadinashr.

Bundan tashqari, chorshanba kuni Rossiya banki aholining inflyatsiya kutilmalari 2021 yil may oyidagi ko‘rsatkichlarga — 11,5% gacha qaytganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, joriy inflyatsiyaning hisob-kitoblari keskin o‘sdi (19,9% dan 25,1% gacha), bu 2015 yil sentabr oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir va ular ketma-ket uchinchi oy davomida o‘sib bormoqda.

Mutaxassislar Markaziy bank 26 may kuni asosiy stavkani tushirishiga shubha qilishmadi, yagona savol qancha bo‘lishi edi. Aksariyat tahlilchilar bu 200−300 b. p. bo‘lishini taxmin qilishdi. Ammo ba’zilar regulyatordan yanada qat’iyroq harakatlarni kutishgandi.