Xonanda Nargiz Zokirova Toshkentdan Moskvaning Domodedovo aeroportiga uchib borishi bilan qo‘lga olindi. Xonanda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini tanqid qilgani uchun O‘zbekistonga qayta deportatsiya qilinishi kutilmoqda, deya ma’lum qildi uning advokati Baxrom Ismoilov StarHit nashriga, deb yozmoqda «Kommersant’».

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u huquq-tartibot idoralaridan tegishli qarorni qabul qilib olgan, unga ko‘ra xonandaning 2072 yilgacha Rossiya Federatsiyasiga kirishi taqiqlangan.

«Menda 50 yilga kirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qaror bor. Bu maxsus operatsiyani qoralagan jamoat arboblari oladigan standart taqiq. Bu cheklov Nargiz Zokirovaga ham qo‘yilgan. Nargiz bunga tayyor edi. U bunday choralar ko‘rilishini taxmin qilgandi. Shunga qaramay, vasiyligimdagi o‘zining fuqarolik pozitsiyasiga sodiq qoladi», — dedi Ismoilov nashrga qaror nusxasi bilan o‘rtoqlashar ekan.

Nargiz Zokirova Ukrainadagi urushga qarshi bir necha bor ochiq gapirgan. Misol uchun, 22 aprel kuni xonanda o‘zining Telegram-kanalida: «Ukrainadan qo‘llaringni tort! Ukraina xalqini o‘ldirgan, yo‘q qilgan, zo‘rlagan va talon-toroj qilgan har bir kishiga la’nat bo‘lsin! Yo‘qolsin urush!» — deb yozdi.

«Daryo»ning yozishicha, xonandaning amakivachchasi Javohir Zokirov deportatsiyaga Nargiz Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi fikrlari sabab bo‘lganini bildirdi. Qarindoshining aytishicha, u Nargizni ijtimoiy tarmoqlarda hech narsa e’lon qilmaslikka chaqirgan, lekin u ogohlantirishlariga e’tibor bermagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu tufayli u hatto singlisi bilan ijodiy hamkorlikni ham to‘xtatgan.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, xonanda AQSh fuqaroligiga ega. U O‘zbekistonda tug‘ilgan va 1995 yilda oilasi bilan AQShga ko‘chib o‘tgan. 2013 yilda u Rossiyaning «Golos» shousi finalchisi bo‘ldi, shundan so‘ng u RFda faoliyat ko‘rsatdi. 2019 yilda musiqa prodyuseri Maksim Fadeyev xonandani Rossiyaga nafratda aybladi, u bu ayblovlarni rad etdi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng xonanda O‘zbekistonga qaytganini ma’lum qildi.