Chirchiqda 21 may kuni keksa odamni kaltaklagan 8-sinf o‘quvchisining ikki nafari jinoiy javobgarlikka tortildi, deya ma’lum qildi Toshkent viloyati IIB matbuot kotibi Bobur To‘laganov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «B» bandi (bezorilik, bir guruh shaxslar tomonidan — 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shaxslar Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi (Surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Gazeta.uz» avvalroq maktab o‘quvchilari 58 yoshli erkakka sababsiz hujum qilgani, u yiqilganidan keyin ham kaltaklab, boshiga tepganini kulib, videoga yozib olgani haqida xabar qilgan edi.