Urush boshlanganidan keyin Rossiyada chet yelga bir tomonlama parvozlar soni 70 foizga yetdi. O‘zbekiston ortga qaytish chiptalarisiz yo‘nalishlar orasida eng ommaboplari qatoridan joy oldi. Bu haqda RBK tayanib, Spot xabar berdi.

«Aeroklub» vakilining so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik menejerlar, shu jumladan, konsalting, moliya va IT-kompaniyalar vakillari ortga qaytish chiptalarini nisbatan kamroq sotib olmoqda. Ushbu ko‘rsatkich martda — 70 foiz, aprelda esa — 47 foizni tashkil qildi. 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 30 foiz atrofida bo‘lgan.

«2019 yil bilan solishtirish biz uchun eng maqbuli, chunki o‘shanda bozor barqaror holatda edi, masalan, COVID-19 kabi ekstremal ta’sirlarga duch kelmagan vaqtlar edi» — deya tushuntirdi «Aeroklub» vakili.

Bu kabi xulosaga 2019, 2021 va 2022 yillarning birinchi choragi va aprel oyida kompaniyadan o‘tgan 1 mlndan ortiq tranzaksiyalarni tahlil qilish asosida kelingan. Tranzaksiya deganda bitta chipta yoki mehmonxonani band qilish nazarda tutilmoqda.

«Aeroklub» ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan tashqari mart-aprel oylarida rossiyaliklar Turkiya, Qozog‘iston, Isroil, Armaniston, Ozarbayjon va BAAga bir tomonga bo‘lgan chiptalarni rasmiylashtirishgan.