Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 megavattga teng bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi 24 may kuni O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ushbu elektr stansiya yiliga 260 million kVt elektr energiya ishlab chiqarib, 80 mingdan ortiq xonadonni energiya bilan ta’minlaydi.

Shuningdek, stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilar chiqishining oldi olinadi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini 10 kun davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin.

Qurilish davomida 400 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritgan bo‘lsa, loyiha ishga tushishi natijasida 25 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Umumiy qiymati 100 million dollariga teng mazkur loyiha Fransiyaning Total Eren kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilgan.

«Mazkur stansiya O‘zbekiston tarixida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanib, aynan ushbu quvvatdagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi 2021 yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ishga tushirilgan edi», — deyiladi ma’lumotda.

2023 yil yakuniga qadar Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida BAAning Masdar kompaniyasi tomonidan quvvati 220 megavatt bo‘lgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi, delinadi Energetika vaziriligi xabarida.