O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev energetika sohasini isloh qilish, energiya bozorini liberallashtirish, sohaga xususiy investorlarni jalb qilish va tarif siyosati haqida fikr bildirdi. «Gazeta.uz» Energetika vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan uning izohlari o‘rin olgan maqoladan ayrim qismlarini e’lon qiladi.

Energetika sohasidagi hozirgi vaziyat


Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Energetika sohasini isloh qilish boshlanishidan avval turli mamlakatlar tajribasi o‘rganildi, dedi vazir o‘rinbosari.

«Jalb qilingan ekspertlarning geografiyasi juda ham keng, Osiyo, Yevropa va Amerikadan. Bu mutaxassislar faqat o‘zining vatanida emas, boshqa mamlakatlarda ham ana shunday energetika sohasidagi islohotlarda ishtirok etgan odamlar. Shuning uchun biz savollarga ochiq-oydin javob bera oladigan ekspertlar bilan ishladik», — dedi u.

Jalb etilgan mutaxassislar orasida Gruziyada energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirgan ikki nafar yuqori darajali ekspert bor.

«Ularning tavsiyalarini ham biz albatta e’tiborga olganmiz. Bundan tashqari, har qanday mamlakatda har qanday islohotlarni amalga oshirishda iqtisodiy va siyosiy vaziyatga tayanib qaror qabul qilish noto‘g‘ri. Shunga qaramay, xalqimizning turmush tarzi, mentalitetini biz inobatga olishimiz kerak. Bu nuqtai nazardan bizga ancha yaqin bo‘lgan Turkiya tajribasini ham inobatga olganmiz. Ayrim yo‘nalishlarda biz G‘arbiy Yevropa ekspertlari maslahatlariga e’tibor berganmiz, chunki ularda bu jarayon ancha oldin boshlangan va bu sohada ular juda uzoq yo‘lni bosib o‘tishgan. 20−30 yillik bosib o‘tilgan yo‘lning tajribasi yig‘ilgan va ular biz bilan shuni baham ko‘rishmoqda», — dedi u.

Energetika vaziri o‘rinbosari islohotdan ko‘zlangan birlamchi maqsad har bir davlatda bo‘lgani kabi energetika sohasini ham iqtisodiyotni rivojlantirishning hal qiluvchi omillaridan biriga aylantirish, deb hisoblaydi: «Energetika sohasining rivojlanishi umumiy iqtisodiy rivojlanishdan bir qadam oldinda bo‘lishi shart».

Elektroenergetika sohasida 2017 yilgacha bo‘lgan davrda ishlab chiqarishning yillik o‘sishi 2,5−2,7 foizni tashkil etgan yoki O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlaridan ancha past bo‘lgan.

O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki 25 yilida 3300 MVt yangi quvvatlar ishga tushirilgan bo‘lsa, keyingi 5 yilda bu ko‘rsatkich 5000 MVtdan oshdi, dedi vazir o‘rinbosari.

«2030 yilgacha elektroenergiyaga bo‘lgan ehtiyoj qanday bo‘lishini hisobladik, lekin uni qaysi resurslar evaziga qoplaymiz? Investitsion loyihalarni amalga oshirish kerak, demak bu uchun mablag‘lar ham bo‘lishi lozim. Tahliliy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilgacha o‘rtacha talab yiliga 10 foizga o‘sadi. 2019 yilda bu hisob-kitoblarni boshlaganimizda ko‘plab ekspertlar bu optimistik ko‘rsatkichlarligini aytib, aslida talab bu darajada o‘smasligi kerak degan xulosa berishgan edi. Ammo endi oradan uch yil o‘tdi va amaliyot shuni ko‘rsatadiki, prognozlarimizda adashmaganmiz», — dedi u.

Bugungi kunda O‘zbekiston energiya tizimida mavjud quvvatlar qish oylarida eng talab kuchli bo‘lgan paytda taxminan 13000 MVtga teng. 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi kengayishini inobatga olib, bu ko‘rsatkich 32000 MVtgacha yetishi kutilmoqda.

«Qurish va ishga tushirish kerak bo‘lgan yangi elektr stansiyalari hisobiga quvvat oshadi. Lekin ishlab chiqarishning o‘zi yetarli emas, biz nafaqat ishlab chiqarishimiz, balki ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste’molchiga yetkazib berishimiz kerak. Va bu yerda, albatta, uni qanday qilib sifatli va samarali qilish mumkinligi haqida savol tug‘iladi. Bizda bunday investitsiyalar bo‘yicha talab bor va ular juda katta. Shu o‘rinda savol tug‘iladi — davlat o‘z iqtisodiy siyosatini qanday tarzda davom ettiradi, monopolist bo‘lib qoladimi yoki boshqa yo‘llarni izlaydimi», — degan savolni o‘rtaga tashlaydi Sherzod Xodjayev.

Xususiy sektorni jalb qilish


O‘zbekistonda birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi BAAning Masdar kompaniyasi tomonidan qurilgan. Navoiy viloyatida 2021 yil avgust oyida ishga tushirilgan. Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Nafaqat xizmat ko‘rsatishdagi monopoliya, balki mas’uliyatda ham, investitsiyalarda ham», — deya davom etadi Energetika vazirligi rahbari o‘rinbosari.

«Ayrim sohalar borki, u yerda davlat monopoliyasidan voz kechish juda qiyin, voz kechsa bo‘ladi, lekin 20−30 yil vaqtni talab qiladi. Ayrim sohalarda esa tezroq monopoliyani buzib, xususiy sektorni jalb qilsa bo‘ladi. Energetika — xususiy sektorni jalb qilish imkoniyati yuqori bo‘lgan aynan shunday sohadir», — dedi u.

«Har qanday biznesda bo‘lgani kabi, energetika sohasiga qiziqish bildirgan investorlarning savoli bir xil, ya’ni „men qandaydir loyihani amalga oshirishga ma’lum bir miqdorda mablag‘ sarflashga tayyorman, lekin men foyda olishimga va ertaga qaytishimga kim kafolat beradi“, degan savolni qo‘yishadi. Investorlar davlatdan kafolat xatlarini olmoqchi bo‘ladi, bunda har qanday berilgan kafolat iqtisodiy jihatdan davlatga og‘ir yuk bo‘ladigan bo‘lsa, vaqti soati kelib bu kafolatdan voz kechish yoki bu shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish ehtimoli mavjud», — dedi vazir o‘rinbosari.

Sherzod Xodjayev davlat investorga kafolat xatlari berishi kerak emas, aksincha shunday muhit qilib berishi kerakki, «investor o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, sarflangan mablag‘ ertaga kafolatlangan tarzda qaytib kelishiga ishonishi kerak», deya ta’kidladi.

«Bizdagi muammo esa, bugungi kundagi ishlab chiqarilgan energiya resurslarni yakuniy iste’molchilarga sotilayotgan narxi bilan hozirgi kunda O‘zbekiston sharoitida ishlab chiqarish tannarxining o‘rtasida mutanosiblik buzilganidadir. Ya’ni biznes nuqtai nazaridan qaraladigan bo‘lsa, elektr energiyasini ishlab chiqarib, aholiga sotish bu foyda keltiradigan soha emas. Aksincha, ma’lum bir miqdorda zarar keltiradi. Sohani zarar bilan ishlashini ko‘rgan hech qaysi investor kelmaydi», — dedi u.

Har qanday mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortishi bilan xarajatlar bir necha barobar kamayadi. Tannarx pasayadi, biroq boshqa foyda keltirmaydigan omillar ham bor, ularni hal qilish kerak, deya tushuntirdi Energetika vazirligi rahbari o‘rinbosari.

Birinchidan, bugun bor yo‘g‘i 8% ishlab chiqarish qayta tiklanuvchi energiya manbalari xisobiga to‘g‘ri keladi. Uning asosiy qismi Gidroenergetikadir. 92 foizi qazib olinadigan yoqilg‘ilarning, ya’ni tabiiy gaz, ko‘mir, mazutning yonishidan kelib chiqadi. Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, elektr energetikada 25 yil davomida ishlab chiqarishga deyarli investitsiya kiritilmagan. Boshqacha aytganda, yangi konlar ochish, yangi zaxiralarni yaratish, ularni qazib chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni optimallashtirishga yetarlicha e’tibor berilmagan.

«Agar oddiy misol bilan aytadigan bo‘lsak, 30−40−50 yil avval topilgan qandaydir kondan tabiiy gazni qazib chiqarganimizda 1 kub/m gazni tannarxi ma’lum bir miqdorda bo‘lgan bo‘lsa, yangi ochilgan konda albatta uning narxi ancha yuqori bo‘ladi. Va bizda yildan-yilga mana shu yangi ochilgan konlarning ulushi ortib boraveradi. Ya’ni albatta tannarx ortib boradi. Endi issiqlik elektr stansiyalariga ketayotgan yoqilg‘i narxi oshishi bilan bu ham majburiy ishlab chiqarish tannarxining oshishiga va pirovardida elektr energiyasi narxining oshishiga olib keladi», — dedi u.

Sherzod Xodjayev, shuningdek, boshqa davlatlar bilan solishtirganda, O‘zbekistonda turmush darajasi, daromadlari va energiya narxlarida sezilarli nomutanosiblik mavjudligini tan oldi.

«Aslida muammo bu yerda qancha qimmat, arzon, baland-pastligida emas, aksincha kafolatlangan qonun-qoidalarning yo‘qligida, ya’ni kimdir mana shu yerga kelib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yaman, elektr energiyasini ishlab chiqaraman va sotaman desa, bozor qoidalari mavjud emas. Bozorga kirish shartlari yo‘q. Bozorga kirgandan keyin, investorning majburiyatlarini belgilovchi qandaydir qat’iy normalar yo‘q va bizning hozirgi kunda amalga oshirayotgan islohotlarimizda narx-navoning oshirilishi, ya’ni iqtisodiy jihatdan biznesni jozibador qilish yetarli emas», — deya ta’kidladi u.

Energetika vazirligi rahbari o‘rinbosari bozorga kirmoqchi bo‘lgan har qanday tadbirkorlik subyektiga litsenziya berish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning aniq tartibini belgilash imkonini beradigan bozor qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash zarurligini aytdi.

Tarif siyosati


Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Qanday siyosat yuritish kerakligini aniq belgilash kerak — narx yoki tarif.

«Ko‘pchilik shu ikki tushunchani adashtirishadi. Mana Yevropada unaqa, Amerikada bunaqa va Koreyada unaqa ekan deb solishtirishga harakat qilishadi. Narx va ta’rifni adashtirmaslik kerak. Bizda tarif siyosati bor, ya’ni talab birdaniga oshib ketsayu, taklif yetarli bo‘lmasa, narx oshib ketadi. Yevropa mamlakatlarida oxirgi 2 yilda buni bir necha bor kuzatdik. Elektr energiyasi va tabiiy gazning narxi bir necha barobarga oshib ketdi. Yana shuni aytish mumkinki, ulgurji bozorda qimmat bo‘lgandan keyin chakana bozorda ham qimmat bo‘ladi», — dedi Xodjayev.

Uning fikricha, ushbu bozorda ishlayotgan tadbirkorlar masalaga faqat biznes qoidalaridan kelib chiqib yondashadi.

«Ularning asosiy maqsadi daromad olish. Aholini yoki boshqa iste’molchilarni himoyalash emas. Bizda tarif siyosati bor, shuning uchun bozorga o‘tgan taqdirimizda ham aholi va ayrim toifadagi iste’molchilar uchun mana shu tarif siyosati saqlanib qoladi. Ya’ni лиberaллаshuв degani, har kim xohlagan ishini qiladi degani emas, davlat tomonidan ma’lum bir bozorga ta’sir ko‘rsatuvchi mexanizmlar kuchga kiritiladi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Sherxod Xodjayevning ta’kidlashicha, bunday sharoitda «qaysidir ishlab chiqarish subyekti xarajatlarini qisqartirish va samaradorlikni oshirish evaziga tannarxni pasaytirib, boshqalar bilan raqobatlashib, chegirmalar berib va boshqa instrumentlar bilan qo‘llab-quvvatlayman va arzonroq sotishga tayyorman deb, boshqa raqobatdoshlaridan iste’molchilarni tortib olishi mumkin».

U internet-provayderlarining faoliyatidan misol keltirdi. «O‘zbektelekom» — asosiy tarmoq egasi. Uni boshqa provayderlar bilan raqobatlashadigan o‘zining provayderi bor (Uzonline). Aksariyat provayderlar «O‘zbektelekom»ning tarmog‘idan foydalanadi. Lekin mijozlarni jalb etish borasida doimiy raqobat mavjud. Provayderlar doimiy ravishda har xil aksiyalar, reklama, keshbeklar va bonuslar qilishadi, «natijada iste’molchida tanlash imkoniyati bo‘ladi va iste’molchi yutib chiqadi».

«Kelajakda elektr energiyasida ham xuddi shunday bo‘lishi kerak bo‘ladi. Iste’molchi o‘zi xohlagan ta’minotchisini tanlashi va o‘zi xohlagan kompaniya bilan shartnoma tuzishi mumkin bo‘ladi. Lekin internetdan farqli ravishda, bu yerda davlat tomonidan narx siyosati emas, tarif siyosati saqlanib qolinadi. Natijada qancha talab bo‘lishidan qat’iy nazar, narxni belgilanganidan qimmatroq sotishning iloji bo‘lmaydi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Energetika vazirligi rahbari o‘rinbosari «narxlar bo‘yicha emas, hududlar bo‘yicha» bo‘lish asosidagi tarif siyosatiga qarshi chiqdi. Uning fikricha, «hududlar bo‘yicha tariflarning har xil bo‘lishi ertaga aholining kayfiyatiga ham, ishlab chiqarishdagi tadbirkorlikning rivojlantirishga ham ijobiydan ko‘ra salbiy ta’siri ko‘proq bo‘ladi».

«Chunki resurslar arzonroq joyda biznes rivojlanadi. Agar bir hududda aholiga gaz va elektr energiyasi qimmat bo‘lsa, tadbirkorlar boshqa hududga sarmoya kiritib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishadi va bu ishsizlik muammosini yanada kuchaytiradi. Bu, albatta, noto‘g‘ri. Shuning uchun hududlar kesimida olib qaraydigan bo‘lsak, yagona tarif siyosati uzoq muddatli strategiyada belgilab berilgan», — dedi u.

Investitsiyalar uchun shartlar


Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Sherzod Xodjayev sarmoyaga bo‘lgan talab kuchliligini 25 yil davomida O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish quvvatlari qurilmagani, eskirgan va yaroqsiz bo‘lib qolgan elektr tarmoqlari o‘zlashtirilmagani bilan izohladi.

«Ҳозирги kundagi narx-navo bilan biz operatsion samaradorlikni oshirish evaziga bugungi kunda soha oldida turgan qaysidir masalani yechishimiz mumkin. Lekin 25 yil davomida yig‘ilib, bizga meros bo‘lib qolgan muammolarni yecha olmaymiz. Masalan, oddiy til bilan aytganda yangi mahalla yoki massiv qurilsa, uning infratuzilmasini qurish mumkin bo‘ladi, lekin eski mahalladagi muammolarni [hal qilish] masalasi nima bo‘ladi? Juda ko‘p mablag‘ kerak bo‘ladi» , — deydi u.

Elektr energetika sohasiga 2030 yilgacha 20 mlrd dollar atrofida investitsiya kiritilishi rejalashtirilmoqda.

«Bular kichkina raqam emas, ya’ni islohotlardan asosiy maqsad mana shu 20 mlrd dollar bo‘ladimi, bir qismini davlat yana bir qismini investor kiritsa, yana qanchadir qismini boshqa investor kiritishiga sharoit yaratib berishdan iborat. Investor mablag‘larni kiritsin va foydasini olsin», — dedi vazir o‘rinbosari.

Bundan tashqari, boshqa tarmoqlardan farqli o‘laroq, energetika sektorining rentabellik darajasi «butun dunyoda bo‘lgani kabi yuqori emas».

«Bu yerda ko‘p hollarda butun dunyoda o‘rtacha qiymatda oladigan bo‘lsak, rentabellik darajasi 10% dan oshmaydi, ya’ni juda katta foyda topaman deb, investorlar uni ortidan quvmaydi, lekin foydam kafolatli bo‘lsin va biznesdagi xatarlarim ortib ketmasin, ertaga investor bo‘lsamu, davlat qanaqadir chegara qo‘ysa, mana past ta’riflar va past narxlar shundan baland sota olmaysan deyilsa, mening biznesim nima bo‘ladi degan savolni qo‘yadi?», — dedi u.

Sherzod Xodjayev O‘zbekiston bu sohada bir qancha investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha bir qancha shartnomalar tuzganini, biroq bu yerda boshqa mexanizm qo‘llanganini ta’kidladi. Xususan, qurilayotgan stansiyalarning aksariyati bilan elektr energiyasini davlat tomonidan kafolatlangan xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Ya’ni, O‘zbekiston 25 yil davomida elektr energiyasini ma’lum narxda sotib olish majburiyatini olgan.

«Ushbu narxni 25 yil davomida investor oshira olmaydi, biz esa tushira olmaymiz. O‘zgarishsiz qolish sharti bilan. Bu tizim yaxshimi yomon degan savolga kimdir bu tizim yomon, chunki raqobatni cheklaydi deyishi, boshqa investor kelib undan arzonroq va qulay tarifni taklif qilishi mumkin ediku desa, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Har qanday islohotlarning boshlanishidan avval, faqat energetika sohasida emas, balki barcha sohalarda ham bunday islohotlarning yarmida to‘xtab qolmasligiga ham qanaqadir o‘zimizda ishonch xosil qilishimiz kerak bo‘ladi», — deya ta’kidlaydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha jalb etilgan ekspertlar bitta shartni ilgari surmoqda: O‘zbekiston energetika sohasini isloh qilib, bozorga o‘tadi. Birinchi navbatda, 2−3 yil ichida juda katta elektroenergif defitsiti yuzaga kelmasligini kafolatlaydigan loyihalarni amalga oshirish zarur.

«Mana shu shartlar bilan biz davlat xususiy sherikchilik asosida ko‘p shartnomalarni imzoladik. Stansiyalar ishga tushiriladi, bozorda energiya ko‘payadi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Energetika vazirligi rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, energiya bozorining ochilishini e’lon qilish, qoidalarni o‘rnatish, investorlarni taklif qilish bilan bir vaqtda elektr energiyasini sotib olishga kafolat bermaslik ham mumkin, bunda investorlarning o‘zlari elektr energiyasini bozorda sotishlari kerak bo‘ladi. Ammo qo‘shni davlatlardagi geosiyosiy vaziyatning yomonlashishi va koronavirus pandemiyasiga o‘xshash muammolar investorlar faolligini susaytirishi, ular vaziyatni o‘nglash uchun 1−2 yilga tanaffus qilishlari mumkin.

«Biz mana shunday holatlarga duch kelmaslik uchun bir nechta shartnomalarni imzoladik», — dedi Sherzod Xodjayev.

Magistral tarmoqdagi monopoliya

Sherzod Xodjayevning aytishicha, O‘zbekistondagi energetikani davlat ishtirokisiz tasavvur qilish qiyin.

«Davlat ishtirokisiz deganda, faqat davlat tomonidan tartibga solinishi yoki nazorat qilinishi nuqtai nazaridan emas, balki biznes subyekt sifatida davlat korxonalari ham bu yerda ishtirok etishi kerak. Juda qiziq tuyuladi, lekin shu energetikaning ichida qaysidir yo‘nalishida agar tabiiy monopoliya bo‘lsa, buni o‘zgartirishning imkoni bo‘lmasa, texnik nuqtai nazardan mana shu monopoliya xususiy monopoliyadan ko‘ra davlatniki bo‘lgani yaxshiroq», — deydi u.

Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Magistral elektr tarmoqlari davlat nazorati ostida bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi vazir o‘rinbosari.

«Bu tarmoqqa ulanadigan hamma subyektlar mana shu tarmoq egasi uchun bir hil qadrga egaligi ishonch hosil qilishi kerak. Endi davlatniki bo‘lgandan keyin hammaga bir xil imkoniyat va imtiyoz beriladi, chunki davlatning yagona manfaati shundan iboratki, tizim to‘g‘ri va kafolatli ishlashi, shuningdek tizimdagi narx-navolar adolatli bo‘lishi kerak», — deya tushuntirdi u.

Energetika vazirligi elektr energetika sohasini bozor iqtisodiyotiga o‘tkazish konsepsiyasini ishlab chiqdi va yaqin kunlarda ushbu konsepsiya imzolanadi. Ushbu konsepsiyada bozorning keyingi bosqichiga o‘tish uchun muddatlar emas, balki aniq shartlar belgilangan.

«Ushbu konsepsiyada bozorning har bosqichidan keyingi bosqichiga o‘tish uchun ma’lum bir shartlar bor. Bu konsepsiyalarda muddat belgilanadi. Avval biz ham shu yo‘ldan ketgan edik, 2 yilda buni qilamiz, 3 yilda uni qilamiz va 5 yilda bunga erishamiz deb. Natijada ko‘p ekspertlar bilan muhokama qilganimizdan so‘ng tashqi omillarni ham inobatga olgan holda, bu metodologiyadan voz kechdik. Muddat degan tushuncha yo‘q, aksincha shart degan tushuncha mavjud», — deydi Xodjayev.

Energiya samaradorligi


Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Vazir o‘rinbosari energiya samaradorligini tariflar (narxlar emas) orqali rag‘batlantirish mumkinligini ta’kidladi. «Masalan, biz bugungi kunga qadar tanlagan tariflarimiz ichida faqat yirik sanoat korxonalari uchun qo‘llanilgan tariflarda mana shunday tabaqalashtirish bor. Bu ularni energiya samaradorlikka undaydi. U ham bo‘lsa, tunda ko‘proq ishlatib, kechqurun va ertalab kamroq ishlatishga chorlaydi, tarmoqda zo‘riqish paydo bo‘lganda aholi tomonidan boshqa kichik quvvatli biznes subyektlari tomonidan ehtiyoj keskin ortgan paytda sanoat korxonalari ozgina tejashsa, texnologik jarayonni ozgina o‘zgartirish evaziga juda yaxshi iqtisodiy samara ko‘rishadi», — deydi u.

«Bu ham instrumentlardan bittasidir. Ming afsuski, yurtimizda energiya samaradorlik e’tibordan chetda qolgan soha, ayniqsa aholi orasida. Ko‘p e’tirozlarni eshitamiz, „O‘zi [elektr] yo‘qku, nimasini iqtisod qilamiz“ degan mazmunda. Masalaning mohiyati shundan iboratki, energiya bo‘lishi uchun, iqtisod ham qilishimiz kerak. Tinmasdan ishlab chiqarishni oshirgan bilan hamma joyda birdek mavjud bo‘lib qolmaydi. Siz ishlab chiqarishni oshiraverasiz, kimdir esa isrof qilaveradi va natijada resurs taqchilligi yuzaga keladi va kimgadir yetib bormaydi», — deydi vazir o‘rinbosari.

Davlat tomonidan belgilangan tariflar shu jumladan ushbu masalani yechishga ham yordam beradi. Iste’molchilar davlat normasidan ko‘proq ishlatsa va tejashga harakat qilmasa, bunda ular ko‘proq to‘lashi kerak bo‘ladi. Iste’molchilarda energiya resurslaridan oqilona foydalanish madaniyati shakllanishi kerak, dedi Sherzod Xodjayev.

18 may kuni Moliya vazirligi, Energetika vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot vazirliklari energiya bozori islohoti, shuningdek, butun O‘zbekiston bo‘ylab elektr energiyasi va gaz iste’molining ijtimoiy normasi joriy etilishini e’lon qildi. Vazirliklarning ta’kidlashicha, xususiy sarmoyalarni jalb qilish va energiyaga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida quvvatni oshirish uchun bozorda bosqichma-bosqich islohot o‘tkazish zarur.