O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19 maydagi [270-son] qarori bilan Shukurov Sobir Sayfiyevich Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri lavozimiga tayinlandi, deb xabar berdi O‘zA.

U bunga qadar O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Shuningdek, u O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Vazirlar Mahkamasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida turli mas’uliyatli lavozimlarda mehnat qilgan.

2019 yildan 2021 yilga qadar departamentga (o‘shanda u Davlat tilini rivojlantirish departamenti deb nomlanardi, prezidentning 2021 yil apreldagi farmoni bilan uning nomi o‘zgartirildi) Abdug‘affor Qirg‘izboyev rahbarlik qilgan. Hozirda u Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori lavozimida ishlamoqda.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur departament prezidentning 2019 yil 21 oktabrdagi farmoniga asosan tashkil etilgandi. Uning asosiy vazifalari davlat tilini rivojlantirish, undagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, o‘zbek tilining yozma nutq normalari va qoidalarini rivojlantirishni jadallashtirish, shuningdek, lotin grafikasi bo‘yicha o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish, davlat tilidan foydalanishdagi muammolarni aniqlash va boshqalardan iborat.