«O‘ztransgaz» boshqaruv raisi Behzot Normatov «Ular» loyihasiga bergan intervyusida ilgari katta hajmdagi tabiiy gazni eksport qiladigan O‘zbekiston nima uchun bu yoqilg‘ini import qiluvchi mamlakatga aylanib qolganini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikkita faktor — qazib olish imkoniyatlari va ichki talabga bog‘liq.

«Mustaqillik e’lon qilinganidan so‘ng O‘zbekiston aholisi 19 million kishi atrofida edi, mana hozir 33 milliondan o‘tib oldik. Iqtisodiyotimiz o‘sayapti, kichik va o‘rta biznes, qurilish materiallari, kimyo va boshqa sohalar rivojlanib borayapti. Endi bularni qondirish kerak, lekin katta zaxiralar ochilmayapti, neft va gaz qazib chiqarish kamayib borayapti… Xohlaymizmi yoki xohlamaymizmi buni ham cheragasi bor — zaxiralarimiz cheksiz emas», — dedi u.

«O‘ztransgaz» rahbarining fikricha, «iqtisodiyot o‘sishi uchun import qiladigan bo‘lsak, bunda hech bir yomon narsa yo‘q».

«Chunki gaz yoki energiya importi uchun ketqazgan har bir pulimizni ishlab chiqarish va ish o‘rni yaratish orqali kamida ikki baravar qilib qaytarib olamiz — multiprikativ effektga erishamiz. Ya’ni qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish imkoniyati bo‘ladi. Tasavvur qiling, gaz yo‘q, kelinglar import qilmaymiz, faqat o‘zimizni gazni ishlatib boramiz deymiz. Lekin biz iqtisodiyotimizni bir zanjirga o‘tirg‘izib qo‘ygan bo‘lamiz», — dedi Behzot Normatov.

U analog sifatida sigirni misol qilib keltirdi: agar uni qoziqqa bog‘lab qo‘ysangiz, u faqat zanjiri yetadigan joydan o‘tlaydi, bu esa uni semirmasligi va ko‘p sut bermasligiga sabab bo‘ladi.

«Xalqaro tajribada agar biz YAIM o‘sishini ta’minlab bermoqchi bo‘lsak, energeresurslarning zaxirasi 10 foiz bo‘lishi kerak… Agar grafikni olsak, qazib chiqarish tushayapti, talab esa o‘sayapti. Mana shu ikkita liniya bir nuqtadan o‘tganidan keyin import qilishni boshlash kerak. Mana hozir neft mahsulotlarini import qilayapmiz-ku. Janubiy Koreya yoki Yaponiyani oling, gaz bormi? Yo‘q, lekin ular rivojlangan davlat», — deya qayd etdi u.

Behzot Normatov hozirgi zamonda gazni yoqilg‘i sifatida yoqib yuborish har qanday iqtisodiyotda ham «yaxshi emas», sababi uni qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymatga ega ko‘plab boshqa mahsulotlar olish mumkin degan fikrda.

«Import qilishdan hech qachon qo‘rqish kerak emas. Iqtisodiyotimiz to‘xtamasligini xohlasak, biz kafolatlangan energoresurslarni zaxirasi bilan birga ta’minlab berishimiz kerak», — deya ta’kidladi u.

«Gazeta.uz» Moliya vazirligi aniqlik kiritishicha, tabiiy gazga bo‘lgan ichki bozor talabini qondirish maqsadida so‘nggi yillarda eksport hajmi keskin kamaydi.

2019 yilda gaz eksporti 12,2 mlrd kub metrni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda u 3,3 mlrd kub metr darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu davr mobaynida import hajmi 0,2 mlrddan 4 mlrd kub metrgacha o‘sdi.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2021 yilda 717,3 mln dollarlik gaz eksport qilgan, bu qiymat jihatidan o‘tgan yilga qaraganda 50 foizga qimmatroq. Import esa narxlarda 3 baravarga — 154,5 mln dollargacha o‘sgan.