Ijtimoiy tarmoqlarda Mo‘ynoq tumanidagi ko‘llardan biridagi qamishzorlarda yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Qoraqalpog‘iston FVV matbuot kotibi Aybek Abdiraxmanovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Mo‘ynoq tumani FVBga «Ushsay» OFY hududida yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risidagi ma’lumot 17 may kuni soat 19:20 atrofida kelib tushgan. Tuman FVB yong‘in-qutqarish ekipaji voqea joyiga borib, navbatchilik tashkil etgan.

Foto: Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, «Mo‘ynoq qo‘ltig‘i»dagi ushbu yong‘inni «o‘chirish imkoni yo‘q».

«Sababi qamishzorlar bo‘yi suv va botqoqlikdan iborat. Suvning keskin qaytib ketishi sababli hozirda qamishzor bo‘yidagi qamish tublari ahyon-ahyonda tutashi davom etmoqda, shamol kuchayganda esa tutun ko‘lami ortadi», — deyiladi ma’lumotda.

Aybek Abdiraxmanovning qo‘shimcha qilishicha, yong‘in bo‘layotgan joy aholi yashash punktlaridan 40−50 km uzoqlikda joylashgan. Yong‘in sababi surushtiruvlar davomida aniqlanadi. Yong‘indan jarohatlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.