O‘zbekistonda energetika sohasi isloh qilinadi. Tegishli hujjat loyihasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya hamda Energetika vazirliklari tomonidan ishlab chiqilmoqda va loyiha tez kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Vazirliklarning qo‘shma bayonotida energetika sohasining islohotiga bo‘lgan ehtiyojga bir qancha asoslar keltirilgan.

Unga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi 61 mlrd kVt soatdan 72 mlrd kVt soatga yoki 1,2 barobarga oshdi. Bunda aholi iste’moli uchun yetkazib berilgan elektr energiyasi 11 mlrd kVt soatdan 16 mlrd kVt soatgacha yoki 1,5 barobarga o‘sdi.

Shunga qaramasdan, yetkazib berish infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolarning mavjudligi hisobiga 2021 yilda respublika bo‘yicha elektr energiyasiga qondirilmagan talab hisob-kitoblarga ko‘ra 2−3 mlrd kVt soatni tashkil etadi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, vazirliklar qo‘shma bayonotiga ko‘ra, to‘rtta asosiy omil hisobiga energoresurslari bozori va energo ta’minot tizimini isloh qilish zarur.

Birinchidan. «Issiqlik elektr stansiyalaridagi (IES) energobloklarning aksariyati 25 yildan ortiq muddatda foydalanib kelinmoqda». Ularning foydali ish koeffitsiyenti past (25−35%) va zamonaviy bug‘-gaz uskunalariga (foydali ish koefitsiyenti — 55−60%) qaraganda 2 baravar ko‘p yoqilg‘i sarflaydi.

Jumladan, so‘nggi uch yilda IESlarga elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi 15 mlrd kub metrdan 17 mlrd kub metrga yetdi.

Shuningdek, ushbu davrda aholiga yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi ham 10 mlrd kub metrdan 13 mlrd kub metrga ko‘paydi.

Shuni ta’kidlash lozimki, ichki bozorning tabiiy gazga bo‘lgan talabini qondirish uchun eksport hajmlari keskin kamaytirildi. Misol uchun, 2019 yilda tabiiy gaz eksporti 12,2 mlrd kub metrni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 3,3 mlrd kub metr tashkil etishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ushbu davrda tabiiy gazning import hajmi 0,2 mlrd kub metrdan 4 mlrd kub metrgacha oshdi, deyiladi bayonotda.

Ya’ni, respublika iste’molchilarining yildan-yilga oshib borayotgan talabi bozorga erkin narxlarda sotib olinadigan tabiiy gaz hajmi oshirilishi hisobiga qoplanmoqda.

Buning natijasida davlat budjeti hisobidan amaldagi subsidiyalangan (yoki haqiqiy tannarxidan arzonroq) tabiiy gaz tariflari darajasini saqlab turish uchun bevosita va bilvosita xarajatlar hajmi ham oshib bormoqda.

Ikkinchidan. «Mavjud elektr uzatish tarmoqlari va transformatorlarning asosiy qismining quvvat o‘tkazish qobiliyati pastligi iste’molchilarga elektr energiyasini yetarli hajmda yetkazib berish imkoniyatini bermaydi».

Shuningdek, elektr ta’minotidagi ko‘p sonli uzilishlarga va elektr energiyasining sifat ko‘rsatkichlari yomonlashishiga olib keluvchi taqsimlovchi tarmoqlar va transformatorlarning yuqori darajada eskirganligi sabab bo‘lmoqda.

Misol uchun, Bugungi kunda ayrim hududlarda transformatorlarning yuklanganlik darajasi belgilangan 80 foizli texnik me’yordan yuqori.

Respublikaning 101 ta shahar va tumanlarida transformatorlarning yuklanganlik darajasi belgilangan texnik me’yordan yuqoriligi aholini va yangi investitsiya loyihalarini elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlab berolmaslik hamda hududlarda elektr ta’minotida avariyalar soni oshishi xavfini keltirib chiqarmoqda, deyiladi xabarda.

Xususan, Toshkent viloyatida transformatorlarning yuklanganlik darajasi 95 foiz, Andijon viloyatida 92 foiz, Toshkent shahrida 90 foiz, Namangan viloyatida 84 foizni tashkil etadi.

Uchinchidan. «Narxlarning bozor mexanizmlari asosida shakllanmaganligi va asosiy fondlarning eskirganligi soha korxonalari moliyaviy ahvolining yomonlashuviga olib kelmoqda».

Xususan, 2021 yilni O‘ztransgaz — 2,5 trln so‘m, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari — 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunlagan.

Ta’kidlash lozimki, ushbu davlat korxonalarining zararlari va ularning moliyaviy majburiyatlari pirovardida davlat budjeti xarajatlarining bevosita va bilvosita oshishiga olib kelmoqda.

Elektr energiyasi narxi arzonligi bo‘yicha O‘zbekiston Liviya, Angola, Sudan, Qirg‘iziston, Zimbabve va Tojikistondan so‘ng dunyoda 7-o‘rinni egallaydi (Qirg‘iziston va Tojikistonda elektr energiyasining asosiy qismi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqariladi, shu sababli uning narxi arzonroq).

Bundan tashqari, elektr energiyasining 1 kVt soatining tannarxini 800 so‘m deb olsak, bir oyda o‘rtacha 200 kVt soat elektr energiyasi ishlatadigan xonadon oyiga 101 ming so‘m, 400 kVt soat elektr ishlatadigan xonadon esa 202 ming so‘m miqdorida shartli subsidiya olmoqda.

Boshqacha qilib aytganda, amaldagi tariflar asosan daromadi nisbatan yuqori va mos ravishda ko‘proq energiya resurslari iste’mol qiladigan abonentlarga katta miqdordagi shartli subsidiya berilishiga olib kelmoqda. Misol uchun: bir paytning o‘zida 2−3 ta konditsioner, bittadan ortiq muzlatkich, kompyuter va boshqa elektr jihozlaridan foydalanuvchi, ya’ni to‘lov qobiliyati yuqori xonadonlar mos ravishda ko‘proq elektr energiyasini sarf qiladilar. Natijada ushbu xonadonlar ko‘proq shartli subsidiya olmoqda, deyiladi bayonotda.

Respublikada tabiiy gaz iste’mol qiluvchi jami 4 mln abonent mavjud. Ushbu xonadonlarning 85 foizi yoki 3,4 mln ta abonent oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Lekin, ularning hissasiga aholi jami iste’molining bor-yo‘g‘i 35 foizi (4,5 mlrd kub m) to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, elektr energiyasi iste’mol qiluvchi jami 7,3 mln abonent mavjud. Ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt soatgacha elektr energiyasini iste’mol qiladi. Lekin, mazkur xonadonlarning hissasiga aholi iste’mol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 31 foizi (5,7 mlrd kVt s) to‘g‘ri keladi.

Misol uchun, bugungi kunda 1000 kub metr tabiiy gazning tannarxini 1,4 mln so‘m deb olsak, o‘rtacha bir oyda 500 kub m gaz ishlatadigan xonadon oyiga 500 ming so‘m, lekin 1000 kub metr gaz ishlatadigan xonadon 2 barobar ko‘p yoki 1 mln so‘m shartli subsidiya olmoqda.

To‘rtinchidan. «Aholi sonining oshib borishi va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi natijasida yuzaga keladigan talabni ta’minlash uchun energiya resurslari ishlab chiqarishning qo‘shimcha quvvatlarini barpo etish lozim».

«2030 yilga borib respublika iste’molchilarining tabiiy gazga bo‘lgan yillik talabi hozirgi 54,2 mlrd kub metrdan 65 mlrd kub metrgacha oshishi hisob-kitob qilingan. Elektr energiyasida esa bu ko‘rsatkich joriy 74 mlrd kVt soatdan 110 mlrd kVt soatgacha oshishi kutilmoqda. Yiliga 110 mlrd kVt soat elektr energiyasi yetkazib berish uchun qo‘shimcha ravishda 19 GVt quvvatli yangi elektr stansiyalari qurilishi talab etiladi», — deyiladi qo‘shma bayonotda.

Vazirliklar hisob-kitoblariga ko‘ra, energoresurslar bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni yaratish uchun kamida 25 mlrd dollar mablag‘lar zarur.

Vaholanki, «O‘zbekneftgaz» AJ va «Issiqlik elektr stansiyalari» AJning amaldagi moliyaviy holati bu qiymatdagi loyihalarni amalga oshirishga imkon bermaydi.

Shu bilan birga, mazkur korxonalar tomonidan kredit mablag‘larining jalb etilishi o‘z navbatida respublikaning tashqi qarzi hajmining oshishiga olib keladi.

Shundan kelib chiqib, sohaga xususiy investitsiyalarni, shu jumladan davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida keng jalb etish kelajakda yangi quvvatlarni yaratishning birdan-bir yo‘li bo‘lib hisoblanadi.

Bunda, energetika sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilishning eng zaruriy sharti — bu ular ishtirokida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini rentabelli, ya’ni foyda keltiradigan narxlarda sotish bo‘lib hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, respublikaning yildan yilga oshib borayotgan energo resurslar talabini barqaror va to‘liq ta’minlab borish hamda sohaga xususiy investitsiyalarning kirib kelishini ta’minlash uchun respublika energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilish zarur. Albatta islohotlarning ushbu o‘tish davrida aholining kam ta’minlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya choralari ishlab chiqilmoqda, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan pensiya va bolalari uchun nafaqa oluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Ta’kidlash joizki, davlat tomonidan energiya resurslari narxlarini «shartli subsidiyalash» amaliyoti saqlab qolinadi. Biroq, «shartli subsidiyalar»ni taqsimlashda ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish maqsadida «ijtimoiy norma» tizimi butun respublika bo‘yicha amalga kiritiladi.

Energiya iste’mol qilishning ijtimoiy normasi sifatida aholi tomonidan imtiyozli tarif bo‘yicha to‘lanadigan ma’lum miqdordagi energiya tushuniladi. Ya’ni, muayyan belgilangan miqdorgacha nisbatan pastroq (imtiyozli) narxda sotiladi va bu miqdordan oshig‘i erkin bozor narxida sotiladi.

Energetika sohasidagi islohotlar tabiiy gaz va elektr energiya tariflarini ijtimoiy adolat tamoyillari asosida belgilash hamda aholi va tadbirkorlarimiz uchun energiya ta’minotining uzluksizligi va ko‘lamini kengaytirish uchun zamin yaratadi.

Qo‘shma bayonotda ta’kidlanishicha, bu borada tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, barcha fikr va takliflar o‘rganib chiqiladi.