Aprel oyida O‘zbekistonda avtomobillarga bo‘lgan talab birlamchi bozorda yana jadal o‘sa boshladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

O‘tgan oyda 129,1 ming dona avtotransport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va bu 2021 yilning aprel oyiga (63,3 ming) nisbatan 2 baravarga ko‘proq. Shu bilan birga, sotuvlar hajmi joriy yilning mart oyiga nisbatan 15,1 foizga ko‘paygan.

Ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar sonining o‘zgarishi.

Avtomobil sotib olish va vaqtincha olib kirish uchun to‘lanadigan yig‘imning bekor qilinishi ikkilamchi bozorga ta’sir qilishda davom etmoqda. Spot nashrining yozishicha, o‘zbekistonliklar «umumiy ishonchnoma»dan avtomashinalarni o‘z nomiga rasmiylashtirishga o‘tmoqda.

2021 yilda ikkilamchi bozorda bir oyda o‘rtacha 40 ming dona avtotransport vositalari sotilgan bo‘lsa, joriy yil aprel oyida ushbu ko‘rsatkich 96,9 ming donani tashkil etdi, yanvar oyida 85,3 ming donaga, fevral oyida 101 ming donaga, mart oyida esa 84,7 ming donaga yetgan edi.

Birlamchi bozorda sotib olingan avtomobillar soni 32,1 ming donani tashkil etib, mart oyiga (27,5 ming) nisbatan 16,9 foizga ko‘paydi. 2021 yil aprel oyiga (21,3 ming) nisbatan avtomobil savdosi 51 foizga oshdi.

Birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozorlari

Mart oyi bilan taqqoslaganda yangi avtomobillar savdosida sezilarli darajada o‘sish Namangan (77%), Qashqadaryo (38%), Toshkent (37%) viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, Samarqand (-4%) viloyatlarida pasayish qayd etildi.

Import qilingan avtomobillarga qiziqish aprel oyida ham pasaydi. Bu oyda 1560 ga yaqin avtomobil sotilgan va mart oyiga nisbatan 3,2 foizga kamaygan. Dekabr oyidan boshlab xorijiy avtomobillar sotuvi pasaygan.

Mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi ulushi.