Joriy yilning 12−15 may kunlari Sankt-Peterburg shahrida mini-futbol bo‘yicha Mehribonlik uylari jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan XVII xalqaro turnirda Toshkent shahridagi 21-, 22-, Chirchiq shahridagi 14-sonli «Mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilaridan iborat terma jamoa g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.

Bolalar o‘z jamoalarini «O‘zbekiston» deb nomlashdi. Uning tarkibida Chirchiq shahridagi 14-Mehribonlik uyidan Javohir A’zamov, Toshkent shahridagi 21-Mehribonlik uyidan Shohrux Begmatov, Sarvarbek Fok va Aleksandr Kononenko hamda Arslan Dmitrev, Kamronbek Pardayev, Rim Kleventov, Muhammadsodiq Xoldorov va 22-Mehribonlik uyidan Diyor Danayevlar bor.

Foto: O‘zbekiston Milliy gvardiya matbuot xizmati.

Trener Abdulaziz Mannopov va uning yordamchisi Temur Masharipovlar futbol jamoasini tayyorlab, ma’naviy qo‘llab-quvvatlamoqda.

Saralash bosqichida bolalar ishonchli hisobda g‘alaba qozonishdi: «O‘zbekiston» — «Kirovsk» 20:0, «O‘zbekiston» — «Tambov» 9:2, «O‘zbekiston» — «Sankt-Peterburg» 3:1.

Oxirgi turda O‘zbekiston terma jamoasi ikki marta g‘alaba qozondi: «Shatalovo» jamoasi bilan o‘yinda 4:1, final o‘yinida esa penaltilar seriyasida «Kursk» jamoasidan g‘alabani tortib olishdi: 5:4.