13 may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi doirasida Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: TIV matbuot xizmati

Ikki davlat TIV rahbarlari Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi yuzasidan, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni atroflicha muhokama qildi.

Tomonlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini imkon qadar tez muddatlarda o‘tkazish zarurligini qayd etdi.

Joriy yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan ikki davlat hududida qo‘shma yirik madaniy tadbirlar uyushtirish yuzasidan yakdil munosabat bildirildi.

Shuningdek, Tojikiston tomoni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitida faol ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.

Muloqot chog‘ida tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, kelgusi davr uchun qo‘shma tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida uni qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qilgan edi.