Andijon viloyati Marhamat tumani «Sho‘rqaqir» mahallasida yashovchi «Polvontosh» mahallasi bo‘yicha sobiq hokim yordamchisi lavozimida ishlagan 38 yoshli F.A. 16 aprel kuni o‘z xonadonidagi molxonada osilgan holda topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Marhum 2022 yil 11 yanvardan 1 aprelga qadar «Polvontosh» mahallasining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida ishlagan.

«Tekshiruv davomida fuqaro F.M.ga nisbatan biron shaxs tomonidan muttasil ravishda tazyiq o‘tkazish, haqorat qilish va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etilmaganligi ma’lum bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Sud-tibbiy ekspertizasining 2022 yil 5 maydagi 171-sonli xulosasida F.M.ning o‘limiga osilish tufayli bo‘yin sohasi a’zolarini sirtmoq bilan qisilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya, bo‘yin sohasidagi keng, ochiq strangulyatsion egat mavjudligi, bo‘yin yumshoq to‘qimalariga qon quyilishi, o‘pkani vitseral plevra varaqlari va yurakni epikard ostiga qon quyilishlari (tard’e dog‘lari), o‘tkir holda yurak qon tomir va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan, deyiladi Marhamat tumani prokuraturasi bayonotida.

Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv davom ettirilmoqda.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani «Sovbog‘» mahallasida yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritgan 37 yoshli erkak o‘zini osib qo‘ygani haqida xabar bergan edik. Marhumning oxirgi vaqtlarda ko‘p spirtli ichimlik iste’mol qilishi oqibatida ruhiyatida o‘zgarish bo‘lganligi aniqlangan.