O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligida sug‘orish uchun suv olish limitlarini tasdiqladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi aprel oyi oxirida ma’lum qilganidek, mart oyida kuchli yog‘ingarchilik tufayli suv omborlarida 10,27 mlrd kub metr suv to‘plangan, bu o‘tgan yilgi suv hajmining 114 foizini yoki 1,2 mlrd kub metrga ko‘pdir. Amudaryo havzasida suv ta’minoti 2021 yilga nisbatan 110−120 foiz, Sirdaryo havzasida esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar darajasida bo‘lishi kutilayapti, deb hisoblamoqda vazirlik.

Hukumat qaroriga ko‘ra, apreldan sentabrgacha bo‘lgan davrda respublika bo‘yicha maksimal suv olish 28,202 mlrd kub metrni tashkil etadi, bu o‘tgan yilgi limitning taxminan 94,5 foiziga teng. Suv olishning eng katta hajmi iyun va iyul oylariga mos ravishda 5344 va 6846 mln kub metrdan to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yillardagidek eng katta miqdordagi suv Qoraqalpog‘istonga — 3856,7 mln kub metr berildi. (2021 yilda 4092 mln kub metr edi), shuningdek, o‘tgan yili 3093 mln kub metr suv olgan Qashqadaryoga bu yil 2998 mln kub metr berilgan.

Sirdaryo (1648 mln m3) va Toshkent viloyatida (2395 mln m3) limitlar o‘zgarmagan, Navoiyda esa biroz pasaygan — 2021 yildagi 899 mlndan 869 mln kub metrgacha qisqartirilgan.

Qarorda ekinlarni suvdan tejamkor foydalangan holda «bir kanal — bir tizim» tamoyili bo‘yicha joylashtirish talabi ko‘rsatilgan. Respublika ishchi komissiyasi har 10 kunda suvdan unumli foydalanishni tekshirib, rahbarlardan hisobot olib borishi shart.

Qarorda gidrotexnika inshootlari, nasoslar va sug‘orish quduqlarini tiklash va qurish bo‘yicha ham 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi belgilab qo‘yilgan. Shundan 100 mlrd so‘mi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan, 200 mlrd so‘mi esa optimallashtirilgan budjet xarajatlari hisobidan yo‘naltirilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘istonni 2026 yilgacha rivojlantirish dasturida bank kreditlari va tadbirkorlarning tashabbuskor mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘istonda paxta maydonlarini tomchilatib sug‘orish texnologiyalari bilan qamrab olishni bosqichma-bosqich 25 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan.