O‘zbekistondagi barcha maktablarda o‘z fanidan xalqaro yoki milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama haq to‘lanadi. Xalq ta’limi vazirligi bu qaysi darajalar bo‘yicha baholanishi haqida ma’lumot berdi.

«2022−2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga quyidagi tartibda har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi:

  • xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga -ularning tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida;
  • xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida.
  • milliy test tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20% miqdorida.

Bunda 2025 yil 1 yanvarga qadar chet tili fanidan kamida S1 darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik ustama 50 foiz miqdorida to‘lanadi.

Shuningdek, vazirlik 1 sentabrdan boshlab tizimdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va «Bolalar kutubxonalari» xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshirilishini ma’lum qildi.

Qolaversa, 1 sentabrdan barcha tuman (shahar)lari kesimida «Namunali maktab» reytingi joriy etiladi. Prezidentning «Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi» qaroriga ko‘ra, har o‘quv yili yakunida maktablardagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini vazirlik baholab boradi.

Buning uchun maktablarda maxsus komissiyalar tuziladi hamda ularning xulosalariga ko‘ra, reyting ko‘rsatkichlari asosida maktablar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi. «Qizil» toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.