Finlyandiya zudlik bilan — yaqin kunlarda — NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirishi kerak. Bu haqda mamlakat prezidenti Sauli Niinistyo va bosh vaziri Sanna Marin qo‘shma bayonot berdi, deb yozadi Euronews.

NATOga a’zolik Finlyandiya xavfsizligini mustahkamlaydi, bu esa o‘z navbatida butun mudofaa ittifoqini mustahkamlaydi, deyiladi bayonotda.

Prezident va bosh vazirning tushuntirishicha, parlament va jamiyat NATOga kirish bo‘yicha pozitsiyani kelishib olishi uchun vaqt kerak bo‘ldi. Oxirgi so‘rovlarga ko‘ra, Finlyandiya fuqarolarining 76 foizi alyansga qo‘shilish tarafdori. Bu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan oldingi ko‘rsatkichdan uch baravar ko‘p — 25%.

«Rossiya xalqaro huquqni hurmat qilmasligini ko‘rsatdi. U o‘zi ilgari qo‘llagan qoidalarni hurmat qilmaydi. U har bir davlatning majburiyatlarini hurmat qilmaydi. Shuning uchun biz NATOga qo‘shilish imkoniyatlarini muhokama qilmoqdamiz, chunki Yevropada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat o‘zgargan va gap Rossiyaga kelganda sodda bo‘lmasligimiz kerak», — dedi Sanna Marin.

Agar Finlyandiya harbiy betaraflikni bekor qilsa, u Rossiya uchun umumiy chegara uzunligi bo‘yicha NATOning eng yirik chegaradoshi bo‘lib qoladi — 1340 km.

Bahs-munozara Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zoligi masalasida bo‘lib o‘tmoqda — ikkala davlat ham betaraf maqomini e’lon qildi, lekin aprel oyidan beri ittifoqning hamkorlari hisoblanadi.

Agar ikkala davlat ham ariza topshirsa, NATO ularni tezlashtirilgan rejimda ko‘rib chiqishga va’da bermoqda. Odatdagi holatda bu jarayon 12 oygacha davom etishi mumkin.

Tartibga ko‘ra, ariza topshirilgandan so‘ng mamlakat nomzod maqomiga ega bo‘ladi, so‘ngra NATOga a’zo 30 ta davlatning barchasi yangi a’zoning qabul qilinishini ma’qullashi kerak.

O‘z navbatida, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Finlyandiyaning NATOga kirishi Rossiya uchun tahdidga aylanishini ta’kidladi, deb yozmoqda Tass.ru.

«NATOning kengayishi va bizning chegaralarimizga alyans harbiy infratuzilmalarining yaqinlashuvi tinchlik o‘rnatmaydi, balki bizning Yevroosiyo mintaqamiz beqarorlik va xavfsizligini yo‘qotadi», — dedi u.