UEFA Ijroiya qo‘mitasining Venada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida 2024/25 yilgi mavsumdan boshlab yevrokuboklarning yangi formati va saralash sxemasi qabul qilindi. Format «shveysarcha tizim»da o‘tkaziladi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar berdi.

Asosiy o‘zgarishlardan ba’zilari — 2024/25 yilgi mavsumdan boshlab guruh bosqichi o‘rniga 36 ta klubdan iborat yagona liga tashkil etiladi. Turnir eng kamida 8 turdan iborat bo‘lib, shundan so‘ng eng yaxshi 24ta jamoa pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Sakkizta eng yaxshi natijaga ega jamoa Chempionlar ligasining 1/8 finaliga, qolgan 16ta jamoa — 9−24-o‘rin egalari 1/16 finalga yo‘llanma olib, pley-offda ikkita o‘yin o‘tkazadi. Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasi ham shu tizimda o‘tkaziladi.

Xabarda aytilishicha, Chempionlar ligasining sakkiz turi 10 hafta davomida o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasi bahslari bir hafta ichida o‘tkaziladi.

Ishtirokchilar soni 32 dan 36 taga ko‘payishi bilan Chempionlar ligasiga to‘rtta qo‘shimcha yo‘llanmalar quyidagicha taqsimlanadi:

  • UEFA milliy assotsiatsiyalari reytingida beshinchi o‘rinni egallagan assotsiatsiya chempionatida uchinchi o‘rinni egallagan klubga bitta o‘rin beriladi;
  • Bir o‘rin «Chempionlar yo‘li» orqali kvalifikatsiyadan o‘tadigan jamolara sonini to‘rttadan beshtaga oshirish orqali qo‘shiladi;
  • Qolgan ikki o‘rin oldingi yevrokuboklar mavsumida eng yaxshi o‘rtacha ball to‘plagan assotsiatsiyalarga beriladi.

«UEFA sportning asosiy qadriyatlarini hurmat qilish va sport mahoratiga asoslangan musobaqalarda ochiqlik tamoyilini himoya qilishga to‘liq sodiq ekanligini ko‘rsatdi. Ishonchimiz komilki, tanlangan format halol muvozanatni ta’minlaydi, raqobatbardoshlikni oshiradi va keyinchalik klublarga taqsimlash uchun katta daromad keltiradi, shu bilan birga, Yevropadagi jamoalarning musobaqalardagi ishtiroki ularning jozibadorligi va mashhurligini oshiradi», — dedi UEFA prezidenti Aleksander Cheferin.

Shuningdek, UEFA Ijroiya qo‘mitasi butun Yevropa bo‘ylab ichki musobaqalar taqvimi muhimligini e’tirof etib, finalgacha bo‘lgan barcha o‘yinlar hafta o‘rtasida o‘tkazilishini tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, bu yil UEFA Chempionlar ligasi finalida Angliyaning «Liverpul» klubi Ispaniyaning «Real Madrid» jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Final o‘yini 28 may kuni Parijdagi «Stad-de-Frans» o‘yingohida bo‘lib o‘tadi. Yevropa ligasi finalida esa Shotlandiyaning «Reynjers» klubi Germaniyaning «Ayntraxt» jamoasi bilan to‘qnash keladi. Bellashuv 18 may kuni Sevilyadagi «Ramon Sanches Pisxuan» stadionida o‘tkaziladi. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov harakat qiladigan Italiyaning «Roma» klubi Yevropa Konferensiyalar ligasi finalida Niderlandiyaning «Feyenoord» jamoasi bilan kuch sinashadi. Final 25 may kuni Albaniya poytaxti Tiranada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.