Sent-Vinsent va Grenadin orollari O‘zbekiston diplomatik munosabatlarni o‘rnatgan 140-mamlakat bo‘ldi, deb xabar bermoqda Dunyo AA.

10 may kuni Nyu-Yorkda ikki mamlakatning BMTdagi doimiy vakillari Baxtiyor Ibragimov va Inga Ronda King diplomatik munosabatlari o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunikeni imzoladi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari doirasida birgalikdagi ishlarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

Mazkur orollar Karib dengizi havzasining g‘arbiy qismida joylashgan davlat hisoblanadi. Mamlakat BMT faoliyatida faol ishtirok etib keladi, 2020−2021 yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi, 2018−2019 yillarda esa tashkilotning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi bo‘lgan.

2020 yil 1 yanvardan O‘zbekiston Sent-Vinsent va Grenadinlar fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejimni joriy qilgandi.

«Bizning davlatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan uzoq masofada joylashgan, turli madaniyat va dinlarga mansub, ammo ularni hozirgi kunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining haqiqiy ruhi ramzi bo‘lgan diplomatiya aloqalari bog‘laydi», — dedi Inga Ronda King.

Shuningdek, u qariyb 9 yildan buyon diplomat sifatida Nyu-Yorkda faoliyat ko‘rsatayayotgani va so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning jadal rivojlanayotganiga, shu jumladan, uning BMT jarayonlaridagi faol va chuqur ishtirokiga guvoh bo‘lganiga aytgan.

Mazkur hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Karib dengizi havzasi mamlakatlari bilan hamkorligini faollashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi, deyiladi agentlik xabarida.

9 mart kuni mamlakatimiz Sent-Kits va Nevis Federatsiyasi bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgandi.