Ukrainaning birinchi prezidenti Leonid Makarovich Kravchuk uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 10 may kuni 88 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda uning oila a’zolari davrasidagi manbasiga tayanib, «Ukraїnskі Novini» nashri xabar berdi.

Leonid Kravchuk 1991−1994 yillarda Ukrainaga prezidentlik qilgan. 1991 yilda Ukraina nomidan u RSFSR prezidenti Boris Yelsin va Belorusiya Oliy Kengashi raisi Stanislav Shushkevich bilan SSSRning mavjudligini tugatish to‘g‘risida Belovejsk kelishuvi imzolagandi.

Leonid Kravchukning shaxsiy sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 1991 yil 1 dekabrda bo‘lib o‘tgan Ukraina tarixidagi birinchi prezidentlik saylovlarida 61,6% ovoz bilan birinchi turda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

1992 yil 26 fevralda Finlyandiya poytaxti Xelsinkida Ukrainani Yevropa bilan integratsiya qiluvchi yakuniy aktga imzo chekkan.

1994 yilning iyunida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida 45% ovoz to‘plab, Leonid Kuchmega yutqazib qo‘ygan.

2020 yilning iyulida u Donbasdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha Uchtomonlama aloqa guruhidagi Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qildi.