Talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish uchun davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi elon qilindi. Adliya vazirligi bu haqda 6 may kuni hukumat qarori qabul qilinganini ma’lum qildi.

Talabalar turar joylarini qurish loyihalariga loyiha-smeta hujjatlari bo‘yicha bir o‘ringa to‘g‘ri keladigan qiymatning 50 foizi hisobida subsidiya beriladi. Biroq bu BHMning 100 baravaridan (27 mln so‘m) ortiq bo‘lmasligi kerak.

TTJni qurish bo‘yicha loyihalar uchun tadbirkorlar o‘rtasida tender o‘tkaziladi. Nizomga ko‘ra, DXSH to‘g‘risidagi bitim DXSH loyihalarining reyestriga kiritilganidan so‘ng xususiy sherik davlat sherigiga subsidiya ajratish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.

Davlat sherigi arizani 3 ish kuni ichida (qo‘shimcha o‘rganish uchun — 10 ish kuni ichida) o‘rganib chiqib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yuboradi.

Vazirlik taqdim etilgan arizani 5 ish kunida o‘rganib chiqib, subsidiya berish uchun davlat sherigi bilan subsidiya ajratish yuzasidan shartnoma imzolaydi.

Xususiy sherikka TTJ qurish uchun 2 ish kuni ichida davlat sherigi tomonidan birinchi bosqichda TTJ umumiy qiymatining 15 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

Keyingi bosqichlarda avvalgi berilgan summa bilan qo‘shib hisoblaganda bajarilgan ishlar dalolatnomasi imzolangan kundan 3 ish kuni ichida bajarilgan ishning 50 foizi miqdorida subsidiya beriladi.

Ma’lumot uchun, 2022−2025 yillarda respublika bo‘yicha jami 228 ta (joriy yilda 47 ta) talabalar turar joylari (400 o‘rinli) barpo etish nazarda tutilgan.