Deyarli nolga teng miqdorda energiya iste’mol qiluvchi uyning tashqi ko‘rinishi qanday va u nimalar bilan jihozlangan? O‘zbekistondagi birinchi ana shunday namunaviy uy Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi «Yoshlik» mahallasida barpo etildi.

Uy Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik fond (GEF) mablag‘lari hisobidan qurilgan. Qurilish ishlari o‘tgan yili boshlanib, joriy yilning may oyigacha davom etdi va 1 mayda yakunlandi. Quyida energiya tejovchi uyning detallari tafsilotlarini ko‘rib chiqamiz.

Yevropa Ittifoqi binolar energiya samaradorligi direktivasining 2-moddasiga muvofiq, deyarli nolga teng yoki juda kam miqdordagi zarur energiya qayta tiklanadigan manbalardan, shu jumladan bevosita uyning o‘zida yoki uning yaqin atrofida o‘rnatiladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan energiya hisobidan ta’minlanishi talab etiladi.

Bunday turdagi binoning tashqi devorlari, pollari va tomining issiqlik izolyatsiyasi yuqori issiqlik himoyasini ta’minlaydi, bu energiya sarfini an’anaviy tipdagi izolyatsiyalanmagan uylardagi energiya sarfiga nisbatan sezilarli darajada kamaytiradi.

Uydagi qulaylik «yashil» materiallar, jihozlar va texnik yechimlar, qishda va yozda eng maqbul haroratni saqlab turish hisobiga ta’minlanadi. Uyning ekologik barqarorligi shundaki, u issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali uglerod izini kamaytiradi.

Uy quyidagi xususiyatlarga ega:

  • kam miqdordagi energiya sarfi;
  • yuqori samarali qurilish qobig‘i;
  • mos loyihalashtirilgan ventilyatsiya, isitish va konditsioner hamda elektr energiya tizimlari;
  • bino hududida energiya ishlab chiqarish imkoniyati.


Binoning optimallashtirilgan joylashuvi

Bino qish mavsumida quyosh radiatsiyasidan maksimal darajada issiqlik ajratib olishga erishadigan va yozda bu issiqlikni minimallashtiradigan qilib loyihalashtirilgan.

Issiqlik nasosi

«Havodan suvga» issiqlik nasoslari — bu zamonaviy va eski uylarni isitish uchun tejamkor va energiya samarador yechimdir. Ushbu turdagi isitish tizimi issiqlikning toza va barqaror shaklini ta’minlaydi, energiya xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi.

Quyosh batareyalari uchun akkumulyatorlar bevosita uyning yaqinida o‘rnatilgan.


Tom:

  • 3 mm qalinlikdagi himoya folga qatlamli gidrofob gidroizolyatsiya materiali;
  • 150 mm qalinlikdagi izolyatsion shisha yuni;
  • 2 mm qalinlikdagi yuqori zichlikdagi bug‘ to‘suvchi membrana.

Tom yuzasida issiq suv uchun mo‘ljallangan quyosh issiqlik panellari o‘rnatilgan.

Fotoelektrik panellar

Tom qismida o‘rnatilgan fotoelektrik panellar uyning barcha ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli bo‘lgan 15 kVt / soat energiya ishlab chiqaradi.

Mahallliy elektr tarmog‘i

Quyosh panellari tomonidan ishlab chiqarilgan ortiqcha energiya mahalliy elektr tarmog‘iga sotiladi.

Binoning devoriga issiqlikni qayta tiklovchi ventilyator (rekuperator) o‘rnatilgan.


Energiya tejovchi oynalar

To‘g‘ri o‘lcham, joylashuv va uch qavatli issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsiyenti past bo‘lgan shishadan foydalanish issiqlik yo‘qotilishini kamaytiradi va quyosh nurlari yutilishini oshiradi.

Devor izolyatsiyasi:

  • M-75 tipdagi pishiq g‘ishtdan qurilgan tashqi devor;
  • 100 mm qalinlikdagi issiqlik va tovush o‘tkazmaydigan tosh tolali plita;
  • 2 mm qalinlikdagi shamol va gidroizolyatsion membrana;
  • 6 mm kenglikdagi shamollash uchun oraliq;
  • 6 mm qalinlikdagi fibrotsement plitalar.

Pollar:

  • 75 mm qalinlikdagi ekstrudirovka qilingan polistirol ko‘pik;
  • 5 mm qalinlikdagi ikki qavatli gidroshishadan gidroizolyatsiya.

Infografika:


Infografika BMTTD va O‘zbekiston Qurilish vazirligining «O‘zbekistonda energiya samarador qishloq uy-joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi doirasida Global ekologik fond grant mablag‘lari hisobidan tayyorlangan.