2022 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholi soni 35,4 mln kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 738,3 ming kishiga yoki 2,1 foizga o‘sdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining mamlakatdagi demografik vaziyat to‘g‘risidagi hisobotida aytiladi.

Yil boshida aholi soni 35,27 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, uch oyda 130 mingga yaqin ko‘paydi. Xususan, shahar aholisi 18,02 mln kishiga (jami aholining 50,9 foizi), qishloq aholisi esa 17,4 mln kishiga (49,1 foiz) yetdi.

O‘zbekistonning doimiy aholisi sonida mehnatga layoqatli yoshga to‘lmagan bolalar 31,5%, mehnatga layoqatli yoshdagilar 57,4% va mehnatga layoqatli yoshdan kattalar 11,1%ni tashkil etdi.

O‘zbekistonda aholi zichligi — har kv. km.ga 78,9 nafar kishi. Bu 2021 yilning shu davriga (77,3 kishi) nisbatan 1,6 kishiga ko‘pdir. Hududlar kesimida aholining eng yuqori zichligi Toshkent shahrida har kv. km.ga 6428,2 nafarni tashkil etadi. Andijon viloyatida — 760,1, Farg‘ona viloyatida — 578,9, Namangan viloyatida — 395,8, Samarqand viloyatida — 241,5. Eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyatida — 9,3, Qoraqalpog‘istonda — 11,7, Buxoro viloyatida — 49,3, Jizzax viloyatida — 68,4 va Qashqadaryoda — 119,8 kishida qayd etilgan.

Tug‘ilish

Yanvar-mart oylarida 203,7 mingta tug‘ilish qayd etildi, bu 2021 yilning shu davriga (179,6 ming) nisbatan keskin (13,4 foiz) o‘sdi degani.


Yanvar-mart oylarida tug‘ilganlar soni. Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

Har 1000 aholiga tug‘ilish koeffitsiyenti 23,4 promilleni tashkil etdi va 2021 yilning mos davriga nisbatan 2,4 promillega oshdi (2021 yilda — 21 promille).

Respublikada ko‘p hollarda bitta farzand — 97,8%, ikkita bola (egizak) — 2,1% hollarda, uch va undan ortiq bola — 0,1% hollarda tug‘ilgan. Ketma-ket uch oy davomida o‘g‘il bolalar qizlarga qaraganda bir oz ko‘proq tug‘ildi — o‘rtacha 51,4% ga nisbatan 48,5%.

Chaqaloqlar otalarining yoshi bo‘yicha 9,8 foizi 25 yoshgacha, 84,2 foizi 25−39 yosh va 6 foizi 40 va undan katta yoshdagilardir. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 37,3 foizining onalarining yoshi 25 yoshgacha, 61,7 foizida 25−39 yosh va 1 foiz chaqaloq onalarining yoshi 40 yosh va undan yuqori bo‘lgan.

O‘lim

Yanvar-mart oylarida 40,4 mingta o‘lim qayd etildi, bu 2021 yilning shu davriga (40,2 ming) nisbatan bir oz ko‘proq (0,5 foizga). Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning dastlabki uch oyida bu raqam 37,5 ming nafarni tashkil qilgan.


Yanvar-mart oylarida kuzatilgan o‘lim. Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

Har 1000 aholiga o‘lim darajasi 2021 yilning shu davriga nisbatan 0,1 promillega (4,7 promille) kamaygan holda 4,6 promilleni tashkil etdi.

Ro‘yxatga olingan o‘limlarning 61,5 foizi qon aylanish tizimi kasalliklari, 9,2 foizi nafas olish tizimi kasalliklari, 6,7 foizi o‘smalar, 4,4 foizi baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlar, 3,6 foizi ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, 1,5% — yuqumli va parazitar kasalliklar va 13,1% — boshqa kasalliklar natijasida qayd etilgan.

Yosh guruhlari bo‘yicha halok bo‘lganlarning 14,1 foizini 20 yoshgacha va 20−59 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, 24,7 foizini 40−59 yoshdagilar, 61,2 foizini 60 va undan katta yoshdagilar tashkil etgan.

Nikoh va ajrimlar

Yil boshidan buyon 3 oy davomida 57,9 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lib, har 1000 kishiga to‘g‘ri keladigan nikohlar darajasi 2021 yilning shu davriga nisbatan 0,4 promillega (7 promille) kamaygan holda 6,6 promilleni tashkil etdi.

Shuningdek, 12,2 mingta ajralishlar qayd etilgan bo‘lib, har 1000 aholiga to‘g‘ri keladigan ajralishlar koeffitsiyenti 1,4 promilleni tashkil etdi, bu 2021 yilning birinchi uch oyi (1,1 promille)ga nisbatan 0,3 promillega ko‘pdir. Farzandsiz oilalarning ajrashishlari soni 5447 tani, bir bolali — 3623 tani, ikki va undan ortiq farzandli oilalarniki — 3094 tani tashkil etdi.

Ajrashgan erkaklarning o‘rtacha yoshi 39,9 yoshni, ayollarniki 33,5 yoshni tashkil etdi. Ajralishlarning eng katta ulushi 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga to‘g‘ri keladi, bu ajralishlarning 50,5 foizini tashkil qiladi.

Aholi migratsiyasi

Yanvar-mart oylarida kelganlarning umumiy soni 52,8 ming kishini tashkil etdi. Xorijdan O‘zbekistonga doimiy yashash uchun kelganlarning eng katta ulushi Qozog‘iston (37,9 foiz), Rossiya (22,1 foiz) va Tojikistondan (12,6 foiz) kelganlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Kelganlarning 5,6 foizi Qirg‘iziston, 2,3 foizi Turkmaniston, 19,5 foizi boshqa mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistondan doimiy yashash uchun ketganlarning eng katta ulushi Qozog‘iston (58,5 foiz) va Rossiya (29,5 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi. Ketganlarning 1,6 foizi Tojikistonga, 0,9 foizi Qirg‘izistonga, 0,7 foizi Turkmanistonga, 8,8 foizi boshqa mamlakatlarga to‘g‘ri keladi.