Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanovning viloyatdagi ma’muriy tartibda hibsga olingan shaxslarni saqlash uchun maxsus qabulxonaga tashrifi yakunlari bo‘yicha axborot berdi.

Monitoring tashrifi amalga oshirilgan kunda qabulxonada 161 nafar hibsga olingan shaxslar saqlangan. Ulardan 8 nafari ayol va qolgan 153 nafari erkaklar ekanligi aniqlandi. Aslida 2020 yilda tashkil etilgan mazkur muassasaning sig‘imi 60 nafar shaxsga mo‘ljallangan. Lekin, amaliyotda 60 nafar emas 160 nafar shaxs saqlanayotgani aniqlangan, — deyiladi ma’lumotda.

Maxsus qabulxonada jazo o‘tayotgan saqlanuvchi shaxslarning barchasi mehnatga layoqatli va ulardan 18 nafari ishga jalb etilgan. Shundan 16 nafari shartnoma bo‘yicha obyektlarda mehnatga jalb etilgan. Saqlanuvchi shaxslarning o‘rtacha ish haqi bir kunda 40500 so‘mni tashkil etadi.

Mahbuslar ovqatlari autsorsing xizmati asosida tasdiqlangan menyu asosida yetkazib beriladi, yuvinish xonalari yangidan qurilgan bo‘lib, bu bo‘yicha kamchilik aniqlanmagan.

«Monitoring davomida 10 nafar mahkumga mo‘ljallangan kutubxona mavjud ekani aniqlangan. Unda 150 ta turli badiiy va huquqiy adabiyotlar bor», — deyiladi ombudsman xabarida.

Maxsus qabulxonada saqlanuvchi shaxslar uchun tibbiyot punkti mavjud bo‘lib, 23 turdagi birinchi tibbiy yordam uchun dori-darmonlar bilan ta’minlangan.

Shuningdek, monitoringda maxsus qabulxonada saqlanuvchi shaxslarning yaqin qarindoshlari uchun tashkil etilgan uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirildi. Qisqa muddatli uchrashuv xonalarining soni atiga 1 ta bo‘lib, bu 20 aprel holatiga ko‘ra saqlanayotgan 160 nafar mahkum uchun yetarli emas. Natijada ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlarni tashkil etishda uzoq navbatlar vujudga kelmoqda.

«Shu nuqtai nazardan Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan qisqa muddatli uchrashuv xonalarini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi», — deyiladi ma’lumotda.