Toshkent viloyatining Qibray tumanida davlat notarial idorasi notariusi Toshkent viloyati ruhiy-asab kasalliklari dispanserida majburiy davolanayotgan fuqaroning uyini sotib yuborganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura Departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, fuqaro Z. Ch. Qibray tumani 1-sonli davlat notarial idorasi notariusi lavozimida ishlagan davrida fuqaro S. G. va boshqalar bilan oldindan til biriktirgan. U Toshkent viloyati ruhiy-asab kasalliklari dispanserida majburiy davolanayotgan fuqaro V.ning Chirchiq shahrida joylashgan xonadonining hujjatlarini soxtalashtirish yo‘li bilan sotib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.