«Bahor kelsa, varrak yasab bermoqchi edim…» — «Shum bola» kinokartinasidagi ushbu jumlalarni ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Eski Toshkent mahallalarida urfga aylanib ulgurgan varrak uchirish folk-fleshmobi bahorning quyoshli, mayin shamolli kunlarida faollashib ketadi.


Bu yil mart oyining odatdagidan yomg‘irli kelishi sababli varraklar aprel oyi boshlariga kelibgina ko‘plab qir-adirlar va mahallalarda paydo bo‘la boshladi. Gavjum va ko‘pqavatli binolar qa’lasiga aylanib borayotgan poytaxtning «Samarqand Darvoza», «Zarqaynar», «Kamolon» mahallalari aholisining varrak uchirishga qiziqishi ayniqsa kuchli.


Varraklarni faqat bolalar uchirishmaydi. Katta yoshdagilar va qariyalarning aytib berishicha, varrak uchirish ularda bolalik xotiralarini uyg‘otadi va xotirjamlik baxsh etadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, varrak uchishini kuzatish — bu hozir bilan yashash kabi, bunda qandaydir ortiqcha narsalar haqida o‘ylamaydi kishi.


Bugunga kelib ko‘plab ishqibozlar varraklarini sotib olishadi, oldingidek qo‘lda yasashmaydi. Varraklar ko‘chalar ustidagi avtomobillardan turib sotiladi. Ularning narxi 20 mingdan 700 ming so‘mgacha. Aholining ta’kidlashicha, eng qimmat varraklar juda uzunlari hisoblanadi — 5 metrgacha.