Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat ishtirokidagi korxonalarning 2021 yildagi moliyaviy hisobotlar tahlilini e’lon qildi. Hisobotda qayd etilishicha, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» o‘tgan yilda eng ko‘p sof foyda olgan va dividend to‘lagan korxona bo‘ldi. «O‘ztransgaz» esa eng ko‘p zarar ko‘rib ishlagan 20 ta tashkilot orasida yetakchi sifatida qayd etildi.

Davaktiv ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2117 tani tashkil etadi. Ulardan 347 tasi bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan. 2021 yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobot topshirgan davlat ishtirokidagi 1770 ta korxona bo‘yicha eng yuqori sof foyda olgan 20 ta, eng ko‘p zarar ko‘rgan 20 ta va davlat ulushi bo‘yicha eng ko‘p dividend to‘lagan (oraliq dividend va oldingi yillar qarzdorliklari bilan birga) 10 ta korxona ro‘yxati shakllantirildi.

Unga ko‘ra, 2021 yilda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» eng ko‘p sof foyda (10 trln 639,8 mlrd so‘m) olgan va dividend (9 trln 955,1 mlrd so‘m) to‘lagan korxona bo‘ldi, shuningdek, «O‘ztransgaz» eng ko‘p zarar ko‘rib (2 trln 515,8 mlrd so‘m) ishlagan korxona deb topildi.

Hisobotda keltirilishicha, 2021 yilda davlat ulushi bo‘yicha eng ko‘p divident to‘lagan 10 ta korxona orasida Navoiy (9 trln 955,1 mlrd so‘m) hamda Olmaliq (2 trln 445,2 mlrd so‘m) kon-metallurgiya kombinatlari asosiy divident to‘lovchilar sifatida qayd etildi. Ularning umumiy divident miqdori 10 ta korxona orasida 89,1 foizni tashkil qildi.


Shuningdek, 2021 yilda eng ko‘p foyda ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar 20 taligida Navoiy (10 trln 639,8 mlrd so‘m), Olmaliq (5 trln 359,8 mlrd so‘m), «O‘zbekneftgaz» (3 trln 348,8 mlrd so‘m) hamda «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» (1 trln 471,5 mlrd so‘m) asosiy daromad keltiruvchi tashkilotlar etib ko‘rsatilgan. Yilni sof foyda bilan yakunlangan tashkilotlar orasida «O‘zbektelekom» (473,9 mlrd so‘m) hamda «Mobiuz» (96,5 mlrd so‘m) aloqa operatorlari ham o‘rin egallagan. «O‘zbekiston havo yo‘llari» o‘tgan yilda 53,8 mlrd so‘m foyda ko‘rgan.


Davaktivning qayd etishicha, 2021 yilda zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar orasida «O‘ztransgaz» (2 trln 515,8 mlrd so‘m) hamda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» (2 trln 105,2 mlrd so‘m) katta miqdorni egallab turibdi. Shuningdek, «Toshissiqquvvati» (534,3 mlrd so‘m) va «Yangi Angren IES» (304 mlrd so‘m) ham yirik miqdorda zarar bilan ishlagan. Davlat ishtirokidagi korxonalar orasida «Buyodkor» futbol klubi 2021 yilni 37 mlrd so‘m zarar bilan, «Paxtakor» jamoasi esa 30,3 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan.


Eslatib o‘tamiz, Moliya vazirligi 2022 yil uchun O‘zbekistondagi 10 ta eng yirik soliq to‘lovchi tashkilot bo‘yicha prognoz ma’lumotlarini e’lon qilgan edi. Qayd etilishicha, joriy yilda Navoiy (20,2%) va Olmaliq (11%) kon-metallurgiya kombinati eng ko‘p soliq to‘lovchi tashkilotlar bo‘lishadi.