Toshkentda o‘tayotgan Osiyo Olimpiya kengashi ijroiya qo‘mitasining 77-yig‘ilishida Xitoy olimipiya qo‘mitasi vakillari mamlakatdagi COVID-19 bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat tufayli «Xanchjou — 2022» yozgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari bir yilga kechiktirilishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

«Kengash ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida „Xanchjou — 2022“ yozgi Osiyo o‘yinlari, joriy yilning 20−28 dekabrida yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan „Shantou — 2021“ III Osiyo o‘yinlari hamda yoshlar o‘rtasida „Toshkent — 2025“ IV Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik, sport turlari dasturi kabi masalalar muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.

Anjumanda «Xanchjou — 2022» tashkiliy qo‘mitasi hisoboti tinglanib, Xitoy olimpiya qo‘mitasi vakillari mamlakatdagi COVID-19 bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat tufayli «Xanchjou — 2022» yozgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari bir yilga kechiktirilishini e’lon qildi.

Shuningdek, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ham joriy yil 26 iyundan 27 iyulga qadar Xitoyning Chendu shahri mezbonlik qiladigan 2021 yilgi Butunjahon yozgi universiada o‘yinlari 2023 yilga ko‘chirilganini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda 2025 yil Toshkentda o‘tkazilishi belgilangan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga mo‘ljallab bunyod etilishi rejalashtirilgan Olimpiya shaharchasi maketi ishtirokchilarga taqdim etildi. Mazkur shaharcha poytaxtning Yashnobod tumanida bunyod etiladi. Sport majmualari, universal stadion, ochiq va yopiq ko‘rinishdagi sport komplekslari, turar joylar, mehmonxonalar, Chirchiq daryosi bo‘yida eshkak eshish kompleksidan iborat infratuzilmani qamrab oladigan Olimpiya shaharchasi 160 gektar maydonda qad rostlaydi.

Eslatib o‘tamiz, kecha prezident qarori bilan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan sportchilar, ularni tayyorlagan murabbiylar va boshqa mutaxassislar qo‘shimcha ravishda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishi e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar oltin, kumush va bronza medallari uchun mos ravishda 5, 3, 2 ming AQSh dollari pul mukofotiga ega bo‘ladi. G‘olib va sovrindor sportchilarni tayyorlagan murabbiylar, birga ishlagan shifokor, diyetolog, massajist va boshqalar ham rag‘batlantirilishi belgilangan.