4 may kuni Qamchiq dovonida kuzatilgan sel oqibatida tog‘ o‘pirilib, transport harakati vaqtincha cheklangandi. 5 mayga o‘tar kechasi dovonda avtomobillar harakati qayta tiklandi.

Biroq, “O‘zbekiston temir yo‘llari” sel oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 5 may kuni Toshkent-Andijon-Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 60/59-sonli hamda 62/61-sonli yo‘lovchi poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilganini e’lon qildi.

Dovonda harakat xavfsizligini hamda yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi. Yo‘lovchilarga xarid qilingan chiptalari 100 foiz mikdorda qaytarib beriladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, vodiy viloyatlarida harakatlanadigan elektropoyezdlar harakat jalvaliga ham o‘zgartirish kiritiligi qayd etildi.

Transport vazirligining ma’lum qilishicha, Farg‘ona vodiysida noqulay ob-havo sharoiti yuzaga kelganligi sababli hamda yo‘lovchilarga harakatlanish uchun qulaylik yaratish maqsadida, faqat 2022 yil 5 may kuni “Uzbekistan Airways” AJ Farg‘ona va Namanganga qo‘shimcha qatnovlarni amalga oshiradi.

Qo‘shimcha aviaqatnovlar quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi (mahalliy vaqt bilan):

HY-085 Toshkent — Farg‘ona 15:00 / 16:00
HY-086 Farg‘ona — Toshkent 17:00 / 18:00

HY-095 Toshkent — Namangan 19:00 / 20:00
HY-096 Namangan — Toshkent 21:00 / 22:00

Avvalroq, O‘zgidromet 3−4 may kunlari O‘zbekistonga Volgabo‘yi hududidan nam va nisbatan salqin havo massasi kirib kelishi natijasida tog‘li hududlar, shu jumladan, Farg‘ona vodiysining ba’zi joylarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.