5 may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tez tibbiy yordam brigadasi kechikib kelishi bo‘yicha 2021 yilning o‘zida viloyatlardan 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan.

«Sababi, sohada yagona boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilmagan, ya’ni tez tibbiy xizmatning 3 ta «xo‘jayini» bor. Jumladan, tibbiyot xodimini «rayzdrav» tayinlaydi, dispetcherlarni ishga qabul qilish va dori-darmon ta’minoti viloyat shoshilinch yordam markazida, transport parki, yoqilg‘i ta’minoti va haydovchilar esa «oblzdrav»ga bo‘ysunadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday boshqaruv tizimida chalkashliklar ko‘pligi, buning oqibatida tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish tuman hududi bilan cheklanib qolgani, tez yordam stansiyasi qo‘shni tuman bilan chegaradosh bo‘lsa ham, boshqa hudud degan vaj bilan chaqiruvni qabul qilmasligi tanqid qilindi.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida tez tibbiy yordam yagona tizimga birlashtirilib, raqamlashtirilgani, lekin hududlarda bu ishlar boshlanmagani qayd etildi.

Tez tibbiy yordam mashinalarida zamonaviy navigatsiya jihozlarining yo‘qligi, 10 mingta ko‘chalarga haligacha nom, 500 mingga yaqin uylarga raqam berilmagani uchun tez yordam brigadalarining asosiy vaqti manzilni topishga sarflanmoqda.

«Shu bilan birga, tuman darajasida shoshilinch tibbiy yordam tizimi samarali yo‘lga qo‘yilmagan. Jumladan, tuman shifoxonasida terapiya, pediatriya va xirurgiya yo‘nalishida ham rejali, ham shoshilinch bo‘limlar mavjud va ular bir-birini takrorlaydi. Buning natijasida shoshilinch operatsiyani bir bo‘limda, uning kelgusidagi davolanishi boshqa bo‘limda o‘tkazilmoqda. Oqibatda bemor sarson, shifokorlar esa qo‘shimcha qog‘ozbozlik bilan ovora», — dedi prezident.

Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga bu masalani ichiga shaxsan kirib, ushbu samarasiz amaliyotdan to‘liq voz kechish choralarini ko‘rish topshirildi.

Tizimdagi eng katta muammo — shoshilinch yordam bemor uchun eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki faqatgina oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatilishi qayd etildi.

Misol uchun, Mirzo Ulug‘bek tumani, «Qorasuv-1» mavzesida «o‘tkir bosh-miya jarohati» olgan bemorni, tez yordam brigadasi yo‘lidagi eng yaqin shifoxona — Respublika neyroxirurgiya markaziga emas, balki Chilonzordagi Respublika shoshilinch markaziga olib borishga majbur. Shu kabi, Farg‘ona tumani Mindonobod qishlog‘ida viloyat Kardiologiya markazi bo‘lsa-da, ushbu qishloqdagi yurak xurujiga uchragan bemorni tez yordam 15 km yo‘l bosib, Vodilda joylashgan tuman shifoxonasiga olib boradi.

«Shu bois, tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqildi va barcha hokimlarga yetkazildi. Lekin, aksariyat viloyat, tuman va shahar hokimlari bu masalaning mazmun-mohiyatini hali to‘liq tushunib yetgani yo‘q, ayrimlari esa tushunishni xohlamayapti, — dedi davlat rahbari.