Belarus Respublikasining birinchi prezidenti Stanislav Shushkevich Minskda 88 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etdi, deya xabar berdi BELTA.

U 1991 yil oktabr oyidan 1994 yil yanvar oyiga qadar Belarus Oliy kengashining raisi lavozimida faoliyat olib borgan va 1991 yil 8 dekabr kuni Sovet Ittifoqi tugatilishi va MDH tashkil etilishi bo‘yicha kelishuv imzolangan Belovej o‘rmonidagi muzokaralarda belarus tomoninining vakili bo‘lgan edi.

1994 yilgi prezidentlik saylovlarida Stanislav Shushkevich Aleksandr Lukashenko va boshqa yana ikkita nomzodlarga boy berib, to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi.

Stanislav Shushkevich 1934 yilda Minsk shahrida tavallud topgan, Belarus davlat universitetining fizika-matematika fakultetini bitirgan. 1970 yilda fizik va matematik fanlar doktori unvonini olgan va 1971 yildan o‘z universitetida yadroviy fizik kafedrasiga mudir bo‘lgan. 1982 yilda unga ilm-fan va texnika sohasida xizmat ko‘rsatgan arbob maqomi berilgan edi. 1986 yilda Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tarkibiga kirgan.

2021 yilda Deutsche Welle nashriga bergan intervyusida Stanislav Shushkevich Belovej kelishuvlarini «bemalol konfederatsiya deb atasa bo‘ladigan yangi tuzilma haqidagi shartnoma» deya ta’riflagan edi va o‘z ishini vijdonan amalga oshirganligi hamda hech narsadan afsuslanmasligini bildirgan edi.

Shuningdek, u SSSR xalqlar qamoqxonasi bo‘lganligi, va aynan shu mamlakatning parchalanib ketishiga olib kelganligi haqida fikr bildirgan edi. «SSSR rasmiylari o‘nta xalqni o‘z hududlaridan quvishgan hamda Qozog‘iston va O‘zbekistonning kimsasiz hududlariga tashlashgan», — degan edi u. Ikkinchi sabab sifatida u barcha respublikalarning va ba’i avtonomiyalarning davlat suvereniteti haqidagi deklaratsiyalarini qo‘llab-quvvatlamaslik noto‘g‘ri bo‘lishini ko‘rsatgan edi.

Belarus davlatining rivojlanish yo‘li haqidagi savolga javob berar ekan, u mamlakatdagi vaziyatni quyidagicha izohlagan edi: «Hokimiyatni egallagan odamlar uchun hokimiyat narkotik bo‘lib qoldi. Ular faqat surbetlarcha hukm surishni bilishadi, boshqarishni emas».

2020 yilda Stanislav Shushkevich Aleksandr Lukashenko hokimiyatiga muxolifatchi bo‘lgan turmush o‘rtoqlar Sergey va Svetlana Tixanovskiylarni qo‘llab-quvvatlashi haqida fikr bildirdi. Sergey Tixanovskiy 2020 yil bahorida qamoqqa olingan edi va 2020 yil mayidan beri siyosiy mahbus sanaladi. Svetlana Tixanovskaya 2020 yil avgustida xalq namoyishlari, namoyishchilarning qo‘lga olinishi va muxolifatga qarshi repressiyalardan so‘ng mamlakatni tark etgan edi.