2020 yil 1 may kuni soat 05:55. Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv ombori dambasining 6-piket devori yorilib ketdi. Shu kuni sardobaliklar uchun hayotidagi eng katta fojialardan biri sodir bo‘ldi. Suv ombori yorilishi oqibatida yaqin hududda juda katta zarar yetkazdi, 6 kishi vafot etdi, uylar vayronaga aylandi, aholining ko‘p yillik ro‘zg‘ori bir necha soat ichida yo‘qqa chiqdi. Sardobaliklar «Gazeta.uz»ga suv balosidan qanday qilib o‘z hayotlarini saqlab qolganliklari va ularning so‘nggi 2 yillik hayoti qay tarzda o‘zgarib ketgani haqida so‘zlab berdi.

Navbatdagi suhbatdosh — Jumagul Keldiyarova. U Sardoba tumani, Do‘stlik mahallasida istiqomat qiladi, mazkur hudud suv omboriga eng yaqin hududlardan biri hisoblanadi.

Jumagul Keldiyarova, 51 yosh.

1 may kuni ro‘za payti edi. Toshkentda o‘qiyotgan o‘g‘lim telefon qilib, «saharlikka turmadinglarmi?» deb so‘radi. Oilaviy televizor ko‘rgandik, «uxlab qolibmiz» dedim. O‘g‘lim bilan gaplashib bo‘lib, yotdim. Oradan 1 soat o‘tdimi yo‘qmi, telefon jiringladi. Xo‘jayinimning akasi ekologiyani boshlig‘i. «Uydan chiqinglar, suv ombori ochilib ketibdi, ochilganiga 2 soat bo‘ldi» deganidan keyin bollarimni turg‘izib, chiqdik.

Men suv omborini tasavvur qila olmayman, unaqa katta suv keladi deb o‘ylaganimiz yo‘q. Hech narsaga teginganimiz yo‘q, xattoki hujjat, pasport, hech nima olmasdan, bola chaqamiz bilan ustimizda bor kiyimda chiqib ketdik. Suv keladi, o‘tib ketgandan keyin qaytib kiramiz, deb o‘ylaganmiz.

«Urash paytidagidek kolonna ketayapti»

Hovliga chiqsak suvning shovqini, g‘uvullagan, qasr-qusur ovoz kelayapti. Narigi yurtdosh mahallamizdan yuk mashinasi qo‘yilgan ekan, bir-birimizni ko‘tarib, itarib chiqib oldik. Katta yo‘lga chiqsak, endi… o‘sha kunni eslashni ham xohlamayman… Urush paytidagidek kolonna ketayapti. Kimlar piyoda, kim velosipedda, kim eshak aravada, kim traktorda, kim Jigulini ustidagi bagajda o‘tiripti, moshinani yuk xonasi ochilgan, bolalar oyoqlarini osiltirib o‘tiribdi.

Mikrofonda uylarni tashlab chiqinglar, suv ombori ochilib ketdi deb e’lon qilayapti. Soat 5:50 da telefon bo‘lgan bo‘lsa, soat 6−6:30 da ketishga ulgurgan edik. Katta yo‘lda mashinalar to‘la, bola-chaqalar yig‘lagan, oyoq kiyimsiz chiqqan, beshikdagi bolalarni shunday o‘rab olib chiqishgan.

Foto: IIV.

Bizni «27-sovxoz»ga evakuatsiya qilishdi. Yaxshi ham sahovatpesha insonlar bor ekan, ikkita qo‘yni sudrab kelib, katta qozonlarda osh damlashdi. Suv ombori yorilishidan 4 oy oldin kelin tushirgan edim. Kelinim yig‘laydi, men unga qo‘shilib yig‘layman. Mebel, jihozlar, uyim ketdi, mayli jonimiz sog‘ qolgani uchun Allohga shukur qilaman.

Ukalarim Forish tumanida turishadi, telefon qilib shunaqa bo‘ldi, deb aytdim. Ular kelib, bizni Forishga olib ketdi. Bu yerdan 1000 kishi Forishga chiqdi. Kimni og‘ayni-qarindoshi bo‘lsa kelib, olib ketayapti. Qolgan esa yotib qolish uchun kollejga joylashayapti. O‘zi suv omboriga Forishdan tosh tashishgan edi, o‘sha kuniyoq yuk mashinalari Forishga borib, tosh ortayotgan edi.

Ertasiga ertalab Forish tumanidan kelib, oiladan nechchi kishi kelgansizlar deb ro‘yxatga olishdi. Karobkada oziq-ovqat, kiyim-kechaklar olib kelib berdi.

«Yaxshi tarafimiz bor, lekin muammoimiz ham ko‘p»


3 may kuni kim nimasini oladigan bo‘lsa, olsin, uylarni buzamiz degan xabar bordi. Keyin hujjat bo‘yicha chaqirdi, pasport, haydovchilik guvohnomalari hech nimani olmaganmiz. Keyinroq hujjatlarni navbatsiz, tekinga davlatimiz tomonidan qilib berishdi, rahmat.

Keyin sarsonimiz chiqishni boshladi, bir kun, ikki kun turasiz, keyin baribir hijolat bo‘lasiz. O‘g‘lim kelinim bilan Toshkentga kvartiraga ketdi, to‘rttala o‘g‘limni jo‘natib yubordim. Prezidentga ming rahmat, mana shuncha 6 oyda 37 ta dom qurib berdi, lekin jihozi yo‘q. Oldin faqat gazimiz yo‘q edi. Mana hozir gazimiz bor, svetimiz yaxshi, o‘chmaydi. Issiq suv, sovuq suv chiqayapti. Masalan bu sharoit Toshkentning bir xil uylarida yo‘q.

Yaxshi tarafimiz ham bor, lekin o‘ziga yarasha muammoimiz ham ko‘p. Xalq qiynaldi. Biror narsangizni yo‘qotsangiz, izlaysiz, qidirasiz. Xalqni 50 yillik ro‘zg‘orlari yo‘q bo‘lib ketdi, masalan, o‘zimni turmush qurganimga 30 yildan oshgan bo‘lsa, 30 yillik ro‘zg‘orim yer bilan bitta bo‘ldi. Kelin olgandim, seplari yo‘q bo‘ldi. Mayli bolalarimni peshonasiga bersin, joni sog‘ bo‘lsin.

«Sardoba noshukur emas»

Tushunmagan xalq ko‘p «Sardoba to‘ymas, Sardoba noshukur» deydi. Xalq noshukur emas, Allohga shukur qilamiz. Prezidentga rahmat, 2 may kuni o‘z oyog‘i bilan kirib kelgan bo‘lsa, bizga shunday «kalit beraman, ichida jihozi bilan hamma sharoiti bor uyga kirib yashaysizlar» deb va’da qilgan. O‘sha narsa bo‘lmadi. Faqat O‘zbekiston desam yolg‘on bo‘ladi, butun jahon qarab turgani yo‘q. Turkiya, Rossiya, Amerika, Saudiya Arabistonlaridan yordam kelgan. Lekin biz o‘sha yordamlarni ko‘rganimiz yo‘q.

21 noyabr kuni «dom»ga ko‘chib kirdik. 2 xonali uy berdi, biz 3 oila bo‘lib ketdik. Do‘konim bor edi, u ketdi. Ishsiz qoldim, pensiya olmayman, davlatdan yordam puli olmayman, shu do‘kon meni yeb turgan nonim edi. Oyma-oy soliq to‘lar edim, hujjatlari, kadastri bor edi. Do‘konimni orqasida yerim bor edi, har oy soliqlarini to‘lab turgandim. Yerlarimiz avtomatik tarzda davlatga o‘tib ketdi. Talofatdan keyin ham yerimga 1,8 mln so‘m pul to‘lab keldim. Hamma ishimni hujjati bor edi, noqonuniy savdo qilmaganman.

O‘zimning 4 xonali uyim bor edi, lekin kadastr eski bo‘yicha 2 xona bo‘lib qolgandi. Shundan keyin 2 xonali uyga qiynalganimdan keyin men yana hokimiyatga boraverdim. «Qayoqqa borsang boraver, kadastr bo‘yicha uy berdik», deyishdi. Kadastri yo‘qlar ham uy oldi, yerga fundamenti uchun uy olganlar bo‘ldi. Mayli olsin.

«Cuv omborini biz borib, qo‘limiz bilan ochib kelmaganmiz»

Foto: IIV.

Talofat ko‘rgan xalqqa qancha bersang kam. Chunki suv omborini biz borib, qo‘limiz bilan ochib kelmaganmiz. Kimnidir aybi bilan biz talofat ko‘rishimiz kerak emas-ku. Agar o‘sha suv ombori yaxshi qurilganida, bu narsa bo‘lmas edi. Mana Zominni suv ombori Sobiq ittifoq davrida qurilgan, nechchi yil bo‘ldi, hali ham mustahkam. Biznikichi? Biznikiga ham o‘shancha mablag‘ ketgan-ku.

Necha xalqni mana shunday bo‘ladi deb ogohlantirmadi? Nechchi yil oldin opam kelardi-da «shu suv omborlaringga ishonasizlarmi, qachondir ochilsa suvni tagida qolasizlar» der edi. 5 ta mahalla yo‘q bo‘lib ketdi. «Dom"lar qurib berdi, Yurtdosh va Do‘stlik mahallalarida kotejlarni ta’mirlab berdi. Qoraqalpog‘iston, Xorazmdan qancha quruvchilar keldi, issiqni issiq demadi, ming rahmat ularga.

Pandemiya vaqtida qancha yordamlar berishdi, lekin bu yerda nohaqliklar ko‘p bo‘ldi. Ko‘z yumib o‘tolmaymiz. Xalq qiynalayapti. hozir ham bo‘sh uylar ko‘p. Bo‘sh qop tikka turmaydi, xalq nima yeydi? «Xalqim nima yeyabsan, kuningni ko‘ra olayapsanmi?», deb keyin hech kim xabar ham olgani yo‘q.

Davlat tomonidan nimalar berildi?

Prezident 40 mln so‘m berdi. Unga qo‘shimcha maishiy texnikalarga 6 ta sertifikat berishdi. Kadastr do‘konim binosini 54 mln so‘mga baholadi, pulini oldim. Uni ichidagi maishiy texnikalar, oziq-ovqat mahsulotlarini 46 mln so‘mga baholab, uni 30 mln so‘mini berdi. Keyin yana beramiz deb haligacha bermadi.

Janjal qilib Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlisga boraverganimdan keyin ko‘pchilik bo‘lganim uchun yana 2 xonali uy berdi. Bir o‘g‘limni uyoqqa chiqardim. 3 o‘g‘lim, kelinim va xo‘jayinim bilan esa bu yoqdagi 2 xonali uyda turibman.

«Xalq ishsiz»

Mana 2 gektar joyga «Oqsaroy» tekstil fabrikasi qurildi. Oqsaroyni mana shu uylardagi bekor ayollar, yigitlar ishlasin deb qurishdi. Xalq ishga kirdi, hammani orzu-niyati katta edi. Xalq hozir ishsiz, 4−5 oyda ham 200−400 ming so‘m oylik bergani uchun xalq ish tashlash qildi. Meni 2001 yilda tug‘ilgan o‘g‘lim ham 3 oymi ishlab 250 ming so‘m oylik oldi. Ertalab soat 7 yarimdan kirib ketadi, tungi 12 gacha ham Oqsaroyni ichida bo‘ladi. Keyin Toshkentga ishlashga ketdi. Bir yaxshi tashkilot olib, ko‘tarsin, bo‘sh turibdi, ishlatsin.

Mana yo‘llarimiz turibdi, hali bitmagan. Tumanga shifoxonaga boradigan bo‘lsak taksilar dod deydi, yurgisi kelmaydi. 5−6 km joy tosh, ko‘prigimiz bitmagan. Avtobuslar yurmay qo‘ydi. O‘sha bizni markazimiz, hokimiyat, hamma ishimiz bo‘yicha shu yoqqa boramiz. Men bu masala bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ham xat berib keldim. Yo‘l qurilishdan keldi, «martdan boshlab ishga tushadi, hozir mablag‘imiz yo‘q», deb ketgan edi. Mana mart tugadi, mana bugun 10 aprel. Hali hech kim kelib yo‘lga qaragani yo‘q. Ana shu yerdagi ko‘prikdan o‘taman deb Toshkentga qatnaydigan avtobus avariya bo‘ldi, ikkita mashina chuqurlikka tushib ketdi.

Bir meni o‘zim emas, hamma halq qiynalayapti. Bu yerda hamma bir. Qachon, kim bizdan xabar oladi? Xalqni yaxshi yashashga haqqi yo‘qmi? Talofatga ham ko‘ndik, hammasiga shukur qildik. Hali ham o‘lmay qolganimizga shukur qilamiz. Agar suv tunda ochilganida, 99 foiz odam yo‘q edi. O‘sha payt ro‘za bo‘lgani foyda berdi, biz tirik qoldik. Shu suvni orqasidan kimlardir stress holatga tushdi, kimlardir o‘ldi.

«Haqiqatni aytaman deb 5 sutkaga qamaldim»


Kreditlar to‘xtatildi, muzlatildi deyishgandi, uchastkalarimiz uchun Vazirlar Mahkamasiga bordik. Mana shunday prezident maktabi qurib berishdi. Bizni o‘zimizni o‘qimishli, oliy ma’lumotli kadrlarimiz, o‘qituvchilarimiz bor. Masalan, avvalgi direktorimiz loyda qorishib, uni tozalayman deb saraton kasaliga uchradi. Opalari bilan ustalarga ovqat qildi, boshqa qildi. Mana shularni chetga surib, o‘qituvchilarni boshqa viloyatlardan, direktorni ham Buxorodan olib kelishdi.

Mayli chetdan kelganlar ham ishlashsin, lekin biznikilar ham ishlasin. Bizni o‘zimizda ishsizlar yetarli. Rossiyadan keldi bitta o‘qituvchi. Ularga katta oylik to‘layapti, o‘sha oylikni bizni xalqimizga bersin, ular ham jon kuydirib dars beradi.

Bo‘sh uylar ko‘p. Mana shu uylarning har birida 2−3 tadan bo‘sh xonadonlar bor. Hech kim yashamagani oynasini changidan ham bilinadi. Kimlarnidir nomiga olib qo‘yilavergan. O‘sha uy olgan odamlar uyga muhtoj emas. Muhtojlarga, ikki-uchtalik oilalarga bersin, ko‘pchilik tiqilib yashayapti. Mayli qanchadir qismini davlatga to‘lasin deb bersin, mayli kredit deb bersin. Hozir biz uy quradigan sharoitda emasmiz, uchastkamiz yo‘q.

Suvning yomon tarafi ham bor, yaxshi tarafi ham bor. Yaxshi tarafi bizga prezident mana shunday sharoit qildirib berdi.

51 yoshga kirdim. Bungacha bosh vazirni tanimas edik, xattoki hokimni ham ko‘rmagan edik. Masalan, men tadbirkorligim bo‘yicha soliqqa, Xalq bankiga borardim. Bosh vazir o‘z oyog‘i bilan kelib, xalqning ichida yurdi. Ming rahmat. Lekin degan tomonlari ham bor. Toshkentga Bosh prokuraturagacha bordik, sayyor qabulga bordik, 10 martadan ko‘proq bordim. Fevral boshida Vazirlar Mahkamasiga bordim, 3 kundan keyin haqiqatni aytishga borganim uchun uyushtirib, 5 sutkaga nohaq qamashdi.

Ichki ishlar, prokuratura xodimlari orqamizdan Toshkentga borib, «ketinglar, muammolaringizni o‘zimiz hal qilib beramiz», dedi. Men shuncha keldik, qaysi muammoni hal qilib berdinglar, deb gap talashib qoldim. Qaytib kelganimdan keyin menga telefon qilib, Vazirlar Mahkamasiga borganlar bilan yig‘ilish bo‘lyapti, deb chaqirishdi. Uchastka nozirimiz Humoyun bilan jinoiy qidiruv bo‘limidan Asad degan bola o‘zini mashinasida olib ketdi.

Bir xonaga olib kirib, 10 minut o‘tirib turing, hozir boshqalar ham keladi dedi. Bu orada o‘zimdan 10 yoshlar kichkina bir ayol kirib, men bilan baqir-chaqir qilib urishib ketdi. Hayotimda ko‘rmaganman uni. O‘sha yerda gap talashib, men chiqib ketdim. Vazirlar Mahkamasidan hech kim kelmadi. U ayol ustimdan yozgan, qolganlari guvohlik bergan, 3 kundan keyin sudga chaqirdi. Xattoki sudya meni tinglamadi. U ayolni haqorat qilmadim, og‘zingga qarab gapir dedim, xolos. Lekin 5 sutka berdi, o‘tirib keldim.

Mening joyim qamoq emas edi. Suvning sharofati bilan qamoqni ham ko‘rdik. Agar shu suv bosmaganida, qamalmas edim. Men hozir ham qamoqni tasavvur qila olmayman. Katta o‘g‘lim apellyatsiyaga bering dedi, men kerak emas, kim menga yomonlik qilgan bo‘lsa Xudoga soldim dedim. Mana, Bekzod degan uchastka nozirimiz o‘sha ayolni «17-sovxoz»dan olib kelib, oborib qo‘ydi. Keyinroq u ayolning pulga yollanganini eshitdik.