O‘zgidrometning hafta davomida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumotiga ko‘ra, bu haftada havo o‘zgaruvchan bo‘ladi.

Juma va shanba kuni O‘zbekiston hududining katta qismida havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Samarqand, Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida 28 aprel kunduz kuni, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida ba’zi joylarda shanba kuni kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

1−2 mayda respublika hududiga Eron hududlaridan may oyining boshi uchun ancha juda issiq bo‘lgan havo kirib kelishi kuchayadi. Kunduz kunlari havo +32…+34 darajagacha, respublika janubida +36…+39 darajagacha isiydi.

Bunday harorat foni meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun ushbu davrning eng yuqori haroratidan faqat 2−3 darajaga past bo‘ladi. Shu kunlarda faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Qolgan hududlarda quruq va asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

3−4 mayda O‘zbekiston hududiga Volga bo‘yi hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, kelayotgan seshanba va chorshanba kunlari respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir kuchayishi ehtimoli bor. Ba’zi joylarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, 3 mayda ba’zi joylarda chang to‘zonlari kuzatilishi mumkin. Kunduzi havo harorati +22…+25 darajagacha pasayadi.